“Xalq – hokimiyat”. Minglab ukrainaliklar Fyodorov uchun namoyish o‘tkazdi
Olam
−
01 avgust 4969 3 daqiqa
Kecha, 31 iyul kuni Kiyev markazida minglab ukrainaliklar namoyishga chiqib, Prezident Vladimir Zelenskiydan sobiq mudofaa vaziri Mixaylo Fyodorovni lavozimiga qaytarishni talab qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Mixaylo Fyodorov joriy yilning yanvar oyida Ukraina mudofaa vaziri etib tayinlangan edi. Biroq iyul oyi o‘rtalarida hukumatdagi kutilmagan va sabablari yetarlicha izohlanmagan kadrlar almashinuvi doirasida u lavozimidan ozod qilindi.
Qayd etilishicha, shundan buyon ukrainaliklar Prezident administratsiyasi binosi yaqinida muntazam namoyishlar o‘tkazib, Fyodorovni o‘z lavozimiga qaytarishni talab qilmoqda. Fyodorov esa o‘ziga taklif qilingan boshqa davlat lavozimlarini qabul qilmasligini bildirib, faqat Mudofaa vaziri sifatida ishlashni istayotganini ma’lum qilgan.
Namoyish ishtirokchilaridan biri, IT sohasida ishlovchi 40 yoshli Aleksandrning aytishicha, odamlarni qarorning sabablari ochiq tushuntirilmagani norozi qilmoqda.
Dastlab, Zelenskiy Fyodorovni o‘sha paytdagi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bilan jiddiy kelishmovchilik sabab lavozimidan olganini aytgan. Biroq jamoatchilik bosimi ortidan Sirskiy ham oradan bir hafta o‘tib vazifasidan ozod etilgan.
Keyinchalik Fyodorov mudofaa tizimidagi ehtimoliy korrupsiyaga qarshi kurashgani sabab lavozimidan chetlatilgani haqidagi taxminlar paydo bo‘lgan. Fyodorov yaqinda bergan intervyusida bu taxminlarga ishora qilgan bo‘lsa-da, tafsilotlarni ochiqlamagan.
Kecha, 31 iyul kuni namoyishchilar Prezident e’tiborini tortish maqsadida Kiyevning tarixiy markazi bo‘ylab yurish qilib, poytaxtning markaziy ko‘chasi – Xreshatikka chiqqan. Ayrim namoyishchilar Rossiyaga qarshi urushda g‘alaba qozonish uchun armiyani texnologik modernizatsiya qilish muhimligini ta’kidlagan. Ularning fikricha, aynan Fyodorov bu islohotlarning asosiy tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan.
Fyodorovning iste’fosi Ukraina Rossiya harbiy va energetika ob’ektlariga chuqur zarbalarni kuchaytirib, frontda muvaffaqiyatlar qayd etayotgan davrga to‘g‘ri kelgan.
Hozircha Zelenskiy o‘z qarorini bekor qilish niyatida emas. U Davlat xavfsizlik xizmati rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Yevgeniy Xmarani Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan. Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, Mudofaa vaziri lavozimi fuqarolik lavozimi hisoblanadi.
Kiyevdagi Yevropa siyosati instituti direktori Matteo Mekachchining fikricha, yangi oliy harbiy qo‘mondon etib Mixaylo Drapatiyning tayinlanishi ayrim ukrainaliklarning ishonchini tiklashi mumkin, biroq bu inqirozni to‘liq bartaraf etmaydi.
Namoyish tashkilotchisi, urush faxriysi Dmitro Kozyatinskiy esa Zelenskiy Fyodorovga mudofaa sohasidagi islohotlarni amalga oshirish uchun kamida bir yil imkoniyat berishi, shundan keyingina uning faoliyatiga baho berishi kerakligini aytgan.
Namoyishchilar “Xalq – hokimiyat” deya shiorlar aytib, hukumat ularning talabini bajarmaguncha norozilik aksiyalarini davom ettirishlarini bildirgan. 38 yoshli tadbirkor Irinaning so‘zlariga ko‘ra, ular ortga chekinmoqchi emas.
“Biz shoshilmayapmiz. Biz shu yerdamiz va qolamiz. Bizda boshqa tanlov yo‘q”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Mudofaa vazirligi va Ukraina Qurolli kuchlari rahbariyati bilan Rossiyaning havo hujumlari oqibatlari, front chizig‘idagi vaziyat hamda dengiz eksport yo‘lagi faoliyatini muhokama qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi