Keyingi yildan yoshga doir pensiyalar avtomatik tarzda tayinlanadi
Jamiyat
−
29 iyul
76232025 yil 1 martdan boshlab pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyalar avtomatik tarzda, ya’ni hech qanday hujjat talab etmagan holda va fuqaroning murojaatisiz tayinlanadi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaroning shaxsiga oid barcha ma’lumotlar vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi. Pensiya ta’minoti tizimiga axborot texnologiyalarini faol joriy qilish orqali fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bosqichma-bosqich interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkaziladi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolarga pensiya tayinlashni so‘rab qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali onlayn murojaat qilish huquqi berildi.
Bu orqali:
- Birinchidan, fuqarolardan pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha hujjatlar yig‘ish uchun Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga murojaat qilish talab etilmaydi.
- Ikkinchidan, pensiya yoshiga yetgan fuqaroga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida pensiya tayinlash haqida qaror qabul qilinganida uning telefon raqamiga “pensiya tayinlanganligi va uning miqdori” to‘g‘risida ma’lumot yuboriladi.
Shuningdek, pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan yoki pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolarga avtomatik tayinlangan pensiyani rad etish huquqi berilmoqda.
Bildirilishicha, fuqaro pensiya tayinlanganidan, pensiya miqdoridan yoki pensiya tayinlanishi rad etilganidan norozi bo‘lgan taqdirda Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
O‘ralova Charos