Keyingi ikki kunda gaz keskin tushadi – Ortiqxo‘jayev hokimlarni favqulodda holat haqida ogohlantirdi
Jamiyat
−
12 yanvar 2023
23724Poytaxt Toshkent va boshqa hududlarda gaz ta’minoti keskin pasayishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning bugun, 12 yanvar kuni kech soatlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvida so‘z borgan.
Unda Ortiqxo‘jayev barcha tuman hokimlari va sektor rahbarlarini 2 kunlik favqulodda vaziyatdan ogohlantirgan. U barcha zavod va fabrikalar, qolaversa, gaz quyish shoxobchalari gaz va elektr energiyasidan uzilishini ma’lum qilgan.
“Hurmatli hokimlar, sektor rahbarlari, mas’ul boshqarma boshliqlari. Hozir beradigan xabarimni diqqat bilan eshitinglar, iltimos. Gaz keskin tushadi. Nafaqat Toshkentda, balki boshqa hududlarimizda ham tushishi kutilyapti. Shuning uchun shahardagi barcha “zapravka”larni o‘chiramiz. Faqat maxsus kommunal xizmatlarning 4 ta “zapravka”si qoladi. Hozir shahar transporti gazdan solyarkaga o‘tadi. Butun fabrika va zavodlar egasi kim bo‘lishi, qanday odam bo‘lishidan qat’i nazar gazini ham, elektr energiyasini ham o‘chirishga majburmiz”.
Hokim, shuningdek, poytaxtdagi maxsus ko‘chalardan tashqari barcha ko‘chalardagi chiroqlarni, korxona va tashkilotlarning peshtoqidagi brend nomlar chiroqlarini o‘chirishni buyurgan.
U barcha sektor rahbarlarini yana bir bor ogohlantirib, qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarmaslikka chaqirgan.
“Agar bugun turib bermasak, ertaga kech bo‘ladi. Biz bugun kerakmiz davlatga. Agar bu ishlarni bugun qilolmasak, bir tiyinga arzimas hokim, bir tiyinga arzimas sektor rahbari bo‘lamiz”, deydi Ortiqxo‘jayev.
Shuningdek, u bugundan shahardagi 50 ta to‘yxonada bepul osh tarqatilishi, har bir tuman hokimi qo‘shimcha ravishda kam ta’minlanganlar va qarovsiz qolganlarga issiq ovqat tashkil qilishi kerakligi, buning uchun moddiy resurs topilmasa, to‘g‘ridan to‘g‘ri shahar hokimligiga murojaat qilish kerakligini aytgan Ortiqxo‘jayev.