Keniyadagi hukumatga qarshi namoyishlarda 16 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
27 iyun 2506 2 daqiqa
Joriy yilning 25 iyun kuni Keniya poytaxti Nayrobida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari vaqtida kamida 16 kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt yuzga yaqin odam jarohat oldi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ushbu namoyish o‘tgan yilgi hukumatga qarshi bo‘lgan noroziliklar chog‘ida halok bo‘lgan fuqarolarni yod etish maqsadida tashkil etilgan.
O‘tgan yilgi noroziliklarda 60 dan ortiq odam hukumatning soliqlarni oshirish haqidagi qonuniga qarshi chiqib, ko‘chaga chiqqanida halok bo‘lgan edi. O‘sha vaqtda politsiya norozilar parlament binosiga bostirib kirishga harakat qilganida o‘q ochgan edi. Bu yilgi namoyishlarda ham politsiya xuddi shunday choralarni ko‘rgan.
Keniya Inson huquqlari milliy komissiyasi halok bo‘lganlar soni 16 nafar ekanini tasdiqlagan. Tashkilot, shuningdek, politsiyani haddan tashqari kuch ishlatganlikda ayblagan. Ularning bildirishicha, tartibni saqlash uchun rezina o‘qlar, jangovar o‘q-dorilar va suv purkagichlardan foydalanilgan, oqibatda ko‘plab odamlar tan jarohati olgan.
“Reuters” axborot agentligiga Nayrobidagi Keniya milliy shifoxonasining mas’ul shifokori 107 kishi shifoxonaga yotqizilganini tasdiqlagan, ularning ko‘pchiligi o‘q yegan.
Politsiya bu holat yuzasidan izoh bermagan, ammo kamida 61 kishi hibsga olinganini ma’lum qilgan.
“The Guardian” nashrining qo‘shimcha qilishicha, politsiya Nayrobi markaziy ishbilarmonlik tumanidan bir necha kilometr naridagi asosiy yo‘llarni to‘sib qo‘ygan, avtobus va mikroavtobuslarni shahar markaziga kirishga yo‘l qo‘ymagan. Politsiya shuningdek, parlament va Prezidentning rasmiy qarorgohi kabi muhim binolarga olib boruvchi yo‘llarni tikanli simlar bilan to‘sib qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Keniya markazidagi boshlang‘ich maktab-internatda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 17 nafar o‘quvchi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi