Kelgusi o‘n yillik O‘zbekiston va Orolbo‘yi hududi aholisi uchun atrof-muhitni tiklash yili bo‘ladi

Intervyu

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 23 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasidagi nutqida yana bir bor butun dunyo mamlakatlari rahbarlari va siyosatchilari e’tiborini Orol dengizi masalasiga qaratib, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlashni taklif etgan. 

Ayni vaqtda Prezident Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida bildirgan o‘ndan ortiq takliflari davlat va siyosat arboblari, xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Barqaror investitsiyalar bo‘yicha Katta Parij alyansi prezidenti Nikola Bushu ham O‘zbekiston rahbarining Orol dengizi bilan bog‘liq takliflari ahamiyatini e’tirof etdi. Jumladan u shunday deydi: 

“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast jamg‘armasi tashkil etilganiga ikki yil to‘ldi.

BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Orolbo‘yi mintaqasini "Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi" deb e’lon qilish bo‘yicha maxsus rezolyutsiyani qabul qilish haqidagi O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi ko‘p jihatdan muhim ekani bilan o‘z vaqtida ilgari surildi, deyish mumkin. Chunki bu – O‘zbekistonning mintaqani tiklash bo‘yicha uzoq muddatli faoliyatini anglatadi. Innovatsiyalar, biologik xilma-xillik yoki kambag‘allikni kamaytirish bilan bog‘liq masalalar rezolyutsiyada bir vaqtning o‘zida ko‘rib chiqilmoqda.

Keyingi qadam, shubhasiz, ushbu rezolyutsiyani qabul qilish bo‘yicha muzokaralar bo‘ladi. Ishonchim komilki, bugun bizga Orol dengizi mintaqasini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadigan shunday kuchli yondashuv zarur.

Fikrimcha, ushbu rezolyutsiyani amalga oshirishda uch tomonlama imkoniyat mavjud.

Birinchidan, joriy yil biologik xilma-xillik uchun muhim yil hisoblanadi. Boisi biologik xilma-xillik va ekotizimlarni saqlab qolish bilan bog‘liq protokol 2020 yildan keyingi muddat uchun qayta ko‘rib chiqilmoqda. Shubhasiz, Orol dengizi masalasi va unga tegishli choralar ushbu nuqtai nazardan mazkur yo‘nalishga to‘liq mos keladi.

Ikkinchidan, COVID-19 pandemiyasi inqirozi sharoitida Barqaror rivojlanish maqsadlarini imkon qadar tezkor bajarishga chaqiriqdir. Bunga suv resurslaridan foydalanish, oziq-ovqat ta’minoti, barqaror shaharlar uchun infratuzilmani rivojlantirish kabilar kiradi. Ta’limni rivojlantirish va kambag‘allikni kamaytirish Orol dengizi mintaqasini tiklashning ustuvor yo‘nalishlariga kiritilgan.

Uchinchidan – shaharlar rivojlanishiga bo‘lgan e’tibor. Mo‘ynoq yoki Nukus bo‘ladimi, mening fikrimcha, ularning rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar milliy va xalqaro strategiya doirada hal etilishi kerak. Bu nafaqat ushbu shaharlar uchun muhim, balki avtomobil va temir yo‘l transporti, energetika sohalarida, va, albatta, tuproq sho‘rlanishi, qurg‘oqchilik va dengizning qurishi ta’sirida bo‘lgan qishloq joylarini rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, ushbu masalalarning barchasi haqiqatdan ham O‘zbekiston rahbari tomonidan yaxlit ko‘rib chiqilmoqda.

O‘tgan yilning oktyabr oyida BMT shafeligida o‘tkazilgan “Orolbo‘yi – ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi” mavzusidagi xalqaro konferensiyadan so‘ng O‘zbekiston Prezidentining Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi tashabbusiga binoan yangi rivojlanish bosqichiga guvoh bo‘ldik. Ishonchim komilki, kelgusi o‘n yillik O‘zbekiston va Orolbo‘yi hududi aholisi uchun atrof-muhitni tiklash yili bo‘ladi”.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, dunyo hamjamiyati e’tiborini Orol halokatiga qaratgan edi. 

Davlat rahbari dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etayotganligini ta’kidlagandi. 

Uning tashabbusi bilan 2018 yil 27 noyabrda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasi tashkil etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev BMT Orol muammosi Nikola Bushu

Baholaganlar

26

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing