Kelasi yil Qoraqalpog‘istonda 120 ta korxona ishga tushiriladi
Jamiyat
−
23 dekabr
2257Kelasi yil Qoraqalpog‘istonda 1 milliard dollarlik hududiy loyihalar shakllantirilib, 120 ta korxona ishga tushiriladi. Bu haqda bugun, 23 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyani ko‘paytirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha rejalarini taqdimot qilgan.
Davlat rahbari ularning tarkibiga e’tibor qaratgan. Xususan, kelasi yil uchun reja qilingan 3,1 milliard dollar investitsiyaning bor-yo‘g‘i 500 million dollari hududiy loyihalarga to‘g‘ri keladi.
Shu bois tumanlardagi hamma imkoniyatlarni safarbar qilib, bu nisbatni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik hududiy loyihalar shakllantirilib, 120 ta korxona ishga tushiriladi. Eksport miqdori 500 million dollarga yetkaziladi.
85 ta yirik korxona to‘liq quvvatga olib chiqiladi. Shuningdek, yangi korxonalar, savdo va servis maydonlari tashkil etilib, 150 ming odamning bandligi ta’minlanadi. Natijada ishsizlik darajasi 5,4 foizga tushadi. 20 ming ehtiyojmand oilaga daromad manbai yaratilib, kambag‘allikni 7,6 foizga kamaytirish choralari ko‘riladi.
Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda 1 gigavattli shamol elektr stansiyasi qurilayapti. Jami 9,3 gigavattli shunday stansiyalar qurish bo‘yicha loyihalar boshlanayapti. Bu – yiliga 33 milliard kilovatt soat elektr energiyasi, degani. Tabiiy gaz bo‘yicha ham qulaylik ko‘p.
Shuning uchun metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari kabi tarmoqlardagi ko‘p energiya talab qiladigan yirik loyihalarni Qoraqalpog‘istonda joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligida ham samaradorlikni oshirish zarur. Sug‘oriladigan yerlarda jami 3 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor barpo qilinadi. 31 ming gektarda kunjut, 22 ming gektarda mosh ekib, eksportga yo‘naltiriladi. 30 ming gektarda qizilmiya ekish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Bular Qoraqalpog‘istondagi imkoniyatlarning ayrimlari, xolos. Ularni samarali ishga solish hududning jadal taraqqiyotini ta’minlaydi.
Shu bois Qoraqalpog‘istonda 3 ta asosiy yo‘nalishni – qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Mazkur tuzilma har bir tumanning o‘sish nuqtalarini tahlil qilib, qanday ekinlarni yetishtirish, yerdan daromadni ko‘paytirishga yordam beradi. Xomashyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha loyihalar tayyorlab, hokimlarga yetkazadi. Yangi turizm yo‘nalishlarini ochish va ularga infratuzilma olib borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Mutasaddilarga investitsiya loyihalarining borishi, bandlik va eksport rejalari ta’minlanishini alohida nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilib, har bir tumanni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
LiveBarchasi