Kelasi yil Hindiston Rossiyaga kamida 40 ming ishchi yubormoqchi
Olam
−
22 dekabr 1603 2 daqiqa
2026 yilda Hindistondan Rossiyaga kamida 40 ming nafar mehnat migrantlari boradi. Bu haqda Rossiya Prezidenti huzuridagi barqaror rivojlanish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha maxsus vakil Boris Titov ma’lum qildi.
Titov Hindiston ishchi kuchi Rossiya iqtisodiyotidagi kadrlar tanqisligini to‘ldirish uchun asosiy resurslardan biri sifatida ko‘rilayotganini bildirgan. Uning keltirishicha, so‘nggi yillarda hindistonlik mutaxassislarga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada oshgan: 2022 yilda Hindiston fuqarolariga Rossiyada ishlash uchun qariyb 8 mingta ruxsatnoma berilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 14 mingdan oshgan, 2024 yilda esa 36 mingga yetgan. 2025 yil uchun Rossiya hukumati vizali davlatlar uchun umumiy kvotani qariyb 235 ming ish o‘rniga belgilagan, shundan taxminan 30 foizi – 71,8 ming o‘rin aynan Hindiston fuqarolari uchun ajratilgan.
Dekabr oyida Vladimir Putinning Hindistonga tashrifi chog‘ida tomonlar ishchi kuchi mobilligi bo‘yicha kelishuv imzolagan. Ushbu kelishuv Hindiston fuqarolarini Rossiyaga ishga jalb qilishni soddalashtirishga qaratilgan. Bungacha Hindistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli Nilam Rani kelajakda Rossiyaga 400 ming nafargacha hindistonlik mehnat migrantlari yuborilishi mumkinligini aytgan.
Xorijdan ishchi kuchini jalb etish Rossiya iqtisodiyotida keskin kadrlar tanqisligi fonida amalga oshirilmoqda. Bu tanqislik Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urushni boshlaganidan so‘ng yanada kuchaygan. Oliy iqtisodiyot maktabi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oxiriga kelib Rossiya kompaniyalariga 2,6 million nafar xodim yetishmagan. Mamlakat Mehnat vazirligi prognoziga ko‘ra, 2030 yilga borib kadrlar tanqisligi 3,1 million kishiga yetishi mumkin, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun esa 2032 yilga qadar chet eldan 12 milliondan ortiq odamni jalb qilish zarur bo‘ladi.
Rosstat ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil avgust oyida Rossiyada ishsizlik darajasi 2,1 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu tarixiy minimum hisoblanadi. Shunga qaramay, Gazprombank tahlilchilarining baholashicha, iqtisodiyot ehtiyojlari hali ham mavjud mehnat resurslaridan yuqori.
Hukumat va biznes muammoni hal qilishning turli yo‘llarini izlamoqda. Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi yillik ortiqcha ish soatlari me’yorini 240 soatgacha oshirishni taklif qilgan va hukumat bu chorani biznesni rivojlantirish milliy modeliga kiritgan. Voyaga yetmaganlarni ishga olish qoidalari soddalashtirilgan, ishlayotgan pensionerlarga pensiyalarni indeksatsiya qilish qayta tiklangan.
Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi ko‘lami kengaytirilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Denis Manturov 5 dekabr kuni Rossiya Hindistondan “cheklanmagan miqdorda” migrantlarni qabul qila olishini aytib, faqat qayta ishlash sanoatining o‘zida kamida 800 ming nafar ishchi, savdo sohasida esa 1,5 million nafar xodim zarurligini ta’kidlagan. Savdo-sanoat palatasi rahbari Sergey Katirinning so‘zlariga ko‘ra, biznes vakillari Nepal, Vetnam va Bangladeshdan ham ishchilarni jalb qilishga tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi 2025 yilda migrantlarning deyarli 60 ming ish patentini bekor qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr