Kechikkan iltifot! Chempion Abdusattorovga uy, pul va davlat mukofoti topshirildi

Sport

image
0:00
0:00
download

Shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan Nodirbek Abdusattorovga “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti topshirildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkazilayotgan taqdirlash marosimidan xabar berdi.

Mukofotni O‘zbekiston Prezidenti nomidan davlat rahbarining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov topshirdi.

Taqdirlash marosimi vaqtida Prezident farmonida belgilanganidek, chempion Nodirbek Abdusattorovga Toshkentdan ikki xonali uy kaliti ham topshirildi. Uy kaliti chempionga Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov topshirdi.

Shuningdek, Nodirbek Abdusattorovga belgilangan tartibda 250 mln so‘m, uning murabbiylari Jahongir Vohidov va marhum Dmitriy Qayumovning oilasiga 100 mln so‘mdan topshirildi. Pul mukofotini Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov topshirdi.

Nodirbekdan tashqari, shaxmatning blits yo‘nalishida ishtirok etib, 8-o‘rinni egallagan Javohir Sindorov 50 mln so‘m, munosib ishtiroki uchun Shamsiddin Vohidov 25 mln so‘m bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 dekabr kuni o‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov Polsha poytati Varshavada o‘tkazilgan jahon chempionatida tezkor shaxmat bo‘yicha eng yosh jahon chempioni bo‘ldi.

Uning o‘yinini samolyotdan tomosha qilgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nodirbekni “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti va ikki xonali uy bilan taqdirlash haqida farmon chiqardi.

Ammo O‘zbekiston rasmiylari dunyodagi eng yosh chempionni kutib olishni eplay olmadi. Gap shundaki, Nodirbek Abdusattorov 1 yanvardan ikkinchi yanvarga o‘tar kechasi Toshkentga qaytdi. Eng yosh chempionni kutib olishga esa na Turizm va sport vaziri – O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov, na boshqa rasmiylar chiqdi. Va bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilik keltirib chiqardi.

E’tirozlar, afsuski, o‘rinli. O‘zbekistonda katta-katta fan olimpiadalarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan, nafaqat mamlakatda, balki jahonda tengsiz deb topilgan iqtidorli bolalarni, shuningdek, sportning shaxmat kabi turlarida chempion bo‘lganlarni kutib olishda shu ahvol bot-bot takrorlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Nodirbek Abdusattorov

Baholaganlar

400

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made