“Kattakonlar”ning kompaniyalarini oshkor etgan sayt asoschisiga oid ish tugatildi
Jamiyat
−
28 dekabr 2021
20772Davlat statistika qo‘mitasining Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga yuborgan xati ortidan Orginfo.uz sayti asoschisi Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan ochilgan ish tugatildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga sayt asoschisining o‘zi ma’lum qildi.
“Bugun ertalab xat tashlab ketishdi, IIBdan ekan. Unga ko‘ra, shu ish o‘rganib chiqilib, jinoiy yoki mamuriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlanmaganligi tufayli ish qo‘zg‘atish rad qilinanligi to‘g‘risida qaror qabul qilinibdi”, deydi Boburmirzo Hamroqulov.
U sayti faoliyatini davom ettirmoqchi. Unga bunday talab ham qo‘yilmagan.
“Faqat o‘tgan haftada stat.uz tomonidan saytdan ko‘p miqdorda ma’lumotlarni olishga to‘siq qo‘yilibdi. Buni tekshirib ko‘rsangiz bo‘ladi, bitta korxona ma’lumotini olib sahifani tez-tez yangilasangiz IP manzilingiz 30 daqiqaga blok qilinadi”, deydi dasturchi.
Eslatib o‘tamiz, yuridik shaxslarning elektron reyestrini yurituvchi orginfo.uz sayti asoschisi Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan Davlat statistika qo‘mitasi kiritgan arizaga asosan ichki ishlar organi tomonidan ma’muriy ish ochilgandi.
Statistika qo‘mitasi Matbuot kotibi esa Orginfo.uz sayti asoschisi ustidan IIBga shikoyat qilmaganini, faqatgina rasmiy Stat.uz va Orginfo.uz saytidagi tafovutlar sabab murojaatlar tushganini, shu sababdan O‘zkomnazoratga xat yuborganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, dasturchiga nisbatan Asaka tumani IIB tomonidan MJtKning 202-2-moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda sud muhokamasi bo‘lishi kutilayotgandi.
LiveBarchasi