1,5 milliondan ortiq AQSH dollarini mamlakatdan olib chiqib ketishga uringan shaxslar ushlandi

Jamiyat

image

Namanganda 1 mln. 558 ming 798 AQSH dollarining noqonuniy tarzda O‘zbekistondan olib chiqib ketilishining oldi olindi. Bu haqda O‘zA xabar tarqatmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda xorijiy valyutalarni banklar orqali ayirboshlash va konvertatsiya qilish masalalari hal etilgan. Shunga qaramasdan xorijiy valyutalarni aylanma yo‘llar orqali chet davlatlarga chiqarishga urinayotgan, ularning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ham uchrab turibdi.

Xususan, DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 1983 yil Namangan shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan Bahrom Bahodirov o‘z boshqaruvidagi “Neksiya-3” rusumli avtomashinada “Namangan-Zarkent” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan vaqtida Yangiqo‘rg‘on tumani, “Gaznon” MFY hududida to‘xtatildi. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salonida selofan paketga solinib, skotch bilan o‘ralgan 967.311 AQSH dollari borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Dastlabki tergovoldi surishtiruv vaqtida ma’lum bo‘lishicha, u bojxona nazoratini chetlab o‘tib, ushbu pullarni Qirg‘izistonga o‘tkazishni rejalashtirgan.

Shuningdek, uning sherigi, 1972 yil Namangan shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan Abdumajid Nosirov ham “Toshkent-Namangan” yo‘nalishida “Neksiya” rusumli avtomashinani boshqarib ketayotgan vaqtida, Chust tumani hududida to‘xtatildi. Uning avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, 591.487 AQSH dollari borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Katta miqdordagi ushbu xorijiy valyuta ham Baxrom Baxodirovga yetkazilishi va Yangiqo‘rg‘on tumani “Zarkent” MFY hududidagi aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistonga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha DXX Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

DXX

Baholaganlar

105

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing