Kaspiydagi fojiada harbiylar qutqaruv jiletlari bilan ta’minlanmagan bo‘lgan – To‘qayev
Olam
−
12:38 2454 3 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Mang‘istau viloyatidagi mashg‘ulotlar vaqtida 14 nafar harbiy halok bo‘lganidan so‘ng mamlakat Qurolli Kuchlarida keng qamrovli islohot o‘tkazish zarurligini bildirdi. Bu haqda kecha, 27 sentyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, To‘qayev mudofaa sohasi rahbariyati bilan yig‘ilishni Mang‘istau viloyatida halok bo‘lgan harbiylar xotirasi uchun bir daqiqalik sukut bilan boshlagan. U marhumlarning ota-onalariga hamdardlik telegrammalarini yuborganini va ularning oilalari zarur yordam bilan ta’minlanishini bildirgan.
Prezident fojiaga keskin baho berib, tinchlik davrida harbiylarning halok bo‘lishini ofitserlar, jumladan generallar tomonidan yo‘l qo‘yilgan “jinoiy mohiyatga ega kasbiy bo‘lmagan yondashuv” oqibati deb atagan.
U mashg‘ulotlarning qanday rejalashtirilgani, ular zamonaviy tahdidlarga qanchalik mos kelishi va General shtabning bu jarayondagi rolini aniqlashni talab qilgan. Shuningdek, harbiy xizmatchilar zarur jihozlar, jumladan, dengizda qutqaruv jiletlari bilan ta’minlanmaganini ma’lum qilgan.
“Hech qanday saboq o‘tgan fojialardan olinmagan. Mas’uliyatsizlik, beparvolik va ko‘zbo‘yamachilik odatiy holga aylangan. Tizimli ish yo‘q”, degan To‘kayev.
Prezident topshirig‘i bilan Mudofaa vazirligida keng qamrovli tekshiruv boshlangan. Unda harbiy xizmatni tashkil etish, armiyaning ta’minoti, moddiy va moliyaviy holati o‘rganiladi. Tekshiruvga Bosh vazir o‘rinbosari emas, balki Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Aida Bolayeva rahbarlik qilmoqda.
To‘qayev lavozim va harbiy unvonlar javobgarlikdan ozod qilish uchun asos bo‘la olmasligini ta’kidlagan. Shuningdek, Prezident yangi Mudofaa vaziri Aydos Mirzaxmedovni tanishtirgan va unga armiyani isloh qilish bo‘yicha keskin choralar ko‘rish vazifasini yuklagan.
“Harbiy sohada tub islohot o‘tkazish vaqti keldi. Bu kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa”, degan To‘qayev
Prezident Qozog‘iston armiyasi “o‘tgan asrda qotib qolgani”ni ta’kidlab, qo‘mondonlik tizimini zamonaviy xalqaro tajriba asosida qayta qurish va armiyani raqamli transformatsiya qilish zarurligini aytgan.
To‘qayevning ta’kidlashicha, insonni texnologiya bilan almashtirish mumkin bo‘lgan sohalarda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish kerak. Shuningdek, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, maqsadsiz xarajatlar va o‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘ymaslik talab etilgan.
Xavfsizlik kengashi apparati va Mudofaa vazirligiga 10 kun ichida harbiy islohot rejasini ishlab chiqish topshirilgan. Bildirilishicha, hujjat joriy yil oktyabr oyining ikkinchi yarmida Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
To‘qayev qo‘mondonlik lavozimlariga tayinlashda shaxsiy sadoqat emas, tajriba va kasbiy salohiyat asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ham qayd etgan. Prezident armiyada har bir harbiy xizmatchining hayoti va xavfsizligi ustuvor vazifa bo‘lishi shartligini aytgan.
Mang‘istaudagi fojia
Joriy yilning 24 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida Qozog‘iston Qurolli kuchlari Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘quv-jangovar topshiriqni bajarish vaqtida Kaspiy dengizi sohilida meteorologik sharoitning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi sababli harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketgan.
Mudofaa vazirligi dastlabki ma’lumotlarida dengizga 19 nafar harbiy xizmatchi oqib ketganini bildirgan edi. O‘sha paytda 9 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lgani qayd etilgan. Keyinroq, Mang‘istau viloyati hokimligi dengizga oqib ketganlar soni 17 nafar ekanini ma’lum qildi.
Harbiy xizmatchilar halok bo‘lganidan so‘ng hukumat komissiyasi tuzilgan, hodisa joyiga Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev yuborilgan. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev harbiy xizmatchilarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan va fojiani tergov qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Bundan tashqari hodisa ortidan mamlakat Mudofaa vazirligining 5 nafar mansabdor shaxsi qo‘lga olingan.
Oqtovda Shahar kuni munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bayram tadbirlari bekor qilingan. Qosim-Jomart To‘qayev 25 sentyabr kunini Qozog‘istonda umummilliy motam kuni deb e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev fojia munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qozog‘iston xalqiga hamdardlik yo‘lladi.
Live
BarchasiPromis Devidni intervyu chog‘ida ari chaqib oldi
27 Sentyabr