Kasb o‘rganuvchi yoshlar uchun “kasb vaucheri” va bepul “vaucher” beriladi
Jamiyat
−
30 iyun 1437 2 daqiqa
Endilikda O‘zbekistonda kasb o‘rganuvchi yoshlar uchun foizsiz ssuda shaklida “kasb vaucheri” beriladi. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qo‘lida kasbi bo‘lib, xalqaro talablar asosida yangi ko‘nikmalarni egallamoqchi bo‘lgan yoshlarga “kasb vaucheri”ni berish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu “kasb vaucheri” foizsiz ssuda shaklida bo‘lib, har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni o‘rganish xarajatlari qoplab beriladi.
Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming ishsiz yoshlar xususiy o‘quv markazida kasb egallashi uchun bepul “vaucher” taqdim etiladi.
Shu yilning o‘zida “kasb vaucheri” va bepul “vaucher” tizimi uchun 120 milliard so‘m ajratiladi. Talab bo‘lsa, ushbu mablag‘ ko‘paytirib boriladi.
Shuningdek, Xorijiy tilni puxta o‘rganib, yuqori natija bilan sertifikat olgan yoshlarga bu xarajatini qoplash tizimi o‘zini oqlagani qayd etilgan. Prezident buni xalqaro kasb sertifikatini olganlarga ham tatbiq qilishni taklif etgan.
Yoshlarga kasb o‘rgatishning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki yanada kengaytiriladi.
Buning uchun texnikum ochishdagi litsenziya sharti soddalashtirilib, 20 dan ortiq talab bekor qilinadi. Yangi o‘quv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat granti beriladi.
Yana bir yangilik – xalqaro kasb tanlovlarida g‘olib bo‘lgan davlat va xususiy texnikum o‘quvchilari 100 million so‘mdan, ularni tayyorlagan ustozlari 50 million so‘mdan mukofot oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda har yili 500 ming o‘g‘il-qizni zamonaviy kasbga ega bo‘lishini ta’minlaydigan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi