Karimovlar oilasi Londonda yig‘ildi (video)
Jamiyat
−
08 Sentabr 2023
33826O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova nabiralari bilan Londonga sayohat qildi. Maryam Tillyayeva ushbu sayohatdan lavhalarni o‘zining Instagram sahifasiga joyladi.
Sayohatda sobiq birinchi xonimga Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova va o‘g‘li Islom Karimov, Lola Karimovaning farzandi Maryam Tillyayeva, shuningdek, Imon Karimova bilan turmush qurishi kutilayotgan yigit hamrohlik qilgan.
Gap shundaki, Imon Karimova Londondagi nufuzli universitetlardan birini tamomladi. Oilaning boshqa a’zolari esa shu munosabat bilan Londonga tashrif buyurdi va bu muhim kunda uning yonida bo‘ldi.
Ma’lumki, Karimovlar oilasining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yildan buyon qator jinoyatlarda ayblanib, qamoqda saqlanmoqda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. Lola Karimova AQSHda "The Harmonist" attorlik buyumlari brendiga asos solgan.
Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova esa Toshkentda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublika jamoat fondi faoliyatini yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Islom Karimov vafotiga 7 yil to‘lishi munosabati bilan Tatyana Karimova hamda Maryam Tillyayeva Samarqandga borib, uning qabrini ziyorat qilgandi. 2 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev ham xotirlash marosimida qatnashish uchun Samarqandga bordi. Keyinroq sobiq birinchi xonim Mirziyoyevga bu uchun minnatdorchilik bildirdi.
LiveBarchasi