Karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat, har tomonlama chuqur o‘ylab, ko‘rib chiqamiz – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
14 aprel 2020
10972Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev global inqiroz va pandemiya sharoitida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Yig‘ilishda Prezident mamlakatda faoliyat yuritayotgan biron-bir tizim to‘xtab qolmaganini, vaziyatdan kelib chiqib, xalqning sog‘lig‘ini o‘ylab, ishlar boshqa shaklda tashkil etilganini ta’kidladi.
“Aqliy mehnat, ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq faoliyat turlari masofadan turib, “onlayn” rejimda olib borilmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident rahbarlarga iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida ish to‘xtab qolmasligi, qishloq xo‘jaligida yetishtirilgan mahsulotlarni chetga sotish ham muhim ekanini aytib o‘tdi.
“Rahbarlarga murojaat qilib shuni aytmoqchimanki, respublikamiz hududlarida qishloq xo‘jaligida, sanoat va qurilish, iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida, tadbirkorlik sub’ektlarida ishlarni samarali davom ettirishimiz kerak.
Chunki kun kutib turmaydi, hayot davom etmoqda. Bugungi yo‘qotilgan vaqt va imkoniyatlarni ertaga tiklab bo‘lmaydi.
Bizning oldimizda 34 millionlik aziz xalqimizni boqish barobarida qanchadan-qancha yetishtirgan mahsulotlarimizni chetga eksport qilish vazifalari ham turibdi.
Davlat rahbari karantinni qachon bekor qilish masalasiga to‘xtalib o‘tdi va bu borada tegishli qaror har tomonlama chuqur o‘ylanib, tahlil qilingach, qabul qilinishini ma’lum qildi.
Albatta, biz yaxshi tushunamiz, uyda o‘tirish oson ish emas, lekin biz ayni paytda elimizning sog‘lig‘ini va hayotini saqlab qolish uchun eng maqbul vosita sifatida shu tavsiyaga amal qilishga majburmiz.
Biz karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat, har tomonlama chuqur o‘ylab va tahlil qilib, albatta, ko‘rib chiqamiz.
Ko‘pni ko‘rgan, turli sinovlarda toblangan mard va matonatli xalqimiz bilan bu vaqtinchalik qiyinchiliklarni biz, albatta, yengib o‘tamiz.
Buyuk shoirimiz Abdulla Oripov qalamiga mansub, hammamiz g‘urur bilan kuylaydigan Davlat madhiyamizda “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon”, degan chuqur ma’noli so‘zlar bor”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda davlat rahbari koronavirusga qarshi kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ham aytib, hokimlarga topshiriq berdi.
LiveBarchasi