Karantindagi ta’til mashmashasi. Adliya vazirligi fuqarolar savollariga javob berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining tarqalishi sababli davlat va nodavlat tashkilotlardan xodimlarning bir qismini ta’tilga chiqarish, qolganlarini masofadan ishlashga o‘tkazish kerakligi aytildi. Ammo oradan 2,5 hafta muddat o‘tsa hamki, odamlarda ta’til bo‘yicha savollar tugamayapti.

Bugun, 3 aprel kuni Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘aybullo Primov brifing vaqtida fuqarolardan kelib tushgan savollarga javob qaytardi.

Hozir davlat ishxonasidan mehnat ta’tili berilgan. Ta’til tugagandan keyin tashkilot rahbari o‘z hisobimdan majburiy ta’tilga chikarishi mumkunmi? Misol men bir o‘zim 2 ta yosh bolani boquvchisiman. Shunaqa bo‘lsa qanday kun ko‘raman?

“Karantinga oid choralar amal qilishi davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilganda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta’lim muassasalari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yillik mehnat ta’tili berishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilishi davom etishi munosabati bilan xodimning mehnat ta’tili tugash kuni ishga chiqish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, ish beruvchi nomiga quyidagi mazmundagi arizani yuboradi:

•    muddati va boshlanish sanasi ko‘rsatilgan ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’til olish bo‘yicha;

•    masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazish bo‘yicha.

Ish beruvchi xodimga arizasida ko‘rsatilgan sanadan boshlab to‘liq muddatga ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’til berishga majbur. Ushbu mehnat ta’tiliga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 150-moddasi birinchi qismida belgilangan maksimal muddat bo‘yicha cheklovlar karantin davrida tatbiq qilinmaydi.

Shuningdek, ish haqi saqlanmagan holda ta’til xodim va ish beruvchining o‘zaro roziligi bilan beriladi. Xodim rozi bo‘lmasa ish beruvchi uni ish haqi saqlanmagan hola ta’tilgan chiqarishi mumkin emas.

Agar ish beruvchi masofaviy ish rejimiga o‘tkazmasa, nima qilish kerak? Agar biz xohlamasak o‘zimizning mablag‘imizdan ta’tilga chiqishni yoki ishdan bo‘shashni taklif qilishmoqda. Shu bilan birga, ish beruvchining aytishicha, agar siz uydan turib ishlasangiz u ham bepul bo‘ladi. Karantin qachon tugashi ma’lum emas. Har bir insonning keksa qarindoshlari, bolalari bor.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 176-son qaroriga ko‘ra, idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (“onlayn” rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil etish choralarini ko‘rishi belgilangan.

Bu holatda Nizomda ham aniq belgilab berilgan tashkilotlar asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda va maksimal darajada masofadan shu ikkita terminga ham alohida ahamiyat qaratish zarur. 

Har bir korxona va tashkilotning ish xususiyati turlicha bo‘lganligi sababli har bir holat mehnat ta’tili, o‘z hisobidan ta’til yoki masofaviy ishlar ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuv asosida bo‘lishi lozim.

Shuningdek, masofadan ishlasangiz ham bepul bo‘ladi degan masala noto‘g‘ri. “Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizomda masofaviy ishda ishlovchi xodim ish vaqtini o‘z xohishiga ko‘ra taqsimlanishini hisobga olgan holda, u tomonidan bajarilgan ishlar uchun bir baravar miqdorda mehnat haqi to‘lanadi.

Qolaversa, mazkur ishlash usuliga o‘tkazilgan xodimlarning mehnat ta’tili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqa olish hamda qonun hujjatlari va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlab qolinadi.

Otam davlat tashkilotida ishlaydi. U har ikki kunda bir marta ishga boradi. Transportlarning harakatlanishi cheklanganligi sababli, ish joyiga qanday borish mumkinligi haqida savol paydo bo‘lmoqda. Boshlig‘i “Siz o‘z vaqtida ishda bo‘lishingiz kerak. Agar yoqmasa, ishdan bo‘shang” demoqda. Otam 59 yoshda va uning sog‘ligi juda yomon. Uning ish joyi uydan 12-13 kilometrgacha uzoqlikda joylashgan. Bu muammoni qanday hal qilishimiz mumkin? 

Respublika maxsus komissiyasining viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida avtotransport vositalari harakatlanini cheklash bo‘yicha qaroriga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslarning ishchi xodimlari markazlashgan tartibda avtobus (mikroavtobus) orqali Koraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri, Toshkent shahri va viloyat markazlariga kiritilishi belgilangan. 

Masofadan ishlash to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra karantin davrida ish beruvchi xodimning roziligi bilan uni masofaviy ish usulida yoki uyda ishlashga o‘tkazishi mumkin.

Bunda ushbu huquqdan birinchi navbatda homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va surunkali kasalliklarga chalingan xodimlar foydalanadi.

Bundan tashqari, Mehat qonunchilikka ko‘ra, ish beruvchi xodimlarga mehnat shartnomasida nazarda tutilgan zarur mehnat sharoitlarini yaratib berishi, mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etishi, xodimlarning ehtiyoj va talablariga e’tibor bilan qarashi, ularning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilab borishi shartligi belgilangan.

Men oliy ta’lim tizimida o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritaman. O‘tgan yili aperel oyida farzand ko‘rganim uchun, bu o‘quv yilidan asosiy shtatga 0,25 stavkaga ishga chiqdim. Karantin tufayli bizga yozgi ta’tildagi haq to‘lanadigan 48 kun mexnat ta’tilining 24 kuniga ariza yozdirishdi. Meni ogohlantirishsiz o‘z hisobimdan (oyliksiz) ta’tilga chiqarib yuborishibdi. Shu to‘g‘rimi? Meni 3 nafar farzandim bor, turmush o‘rtog‘im savdogar, to‘xtagan. Ta’til pulini kutgan edim, uni berishmabdi, biz nima qilamiz endi?

Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, xodimni ish haqi saqlanmagan holda ta’tilgan faqat o‘z roziligi bilan chiqariladi.

Bu holatda sizdan ish haqi saqlangan hola mehnat ta’tiliga chiqarish haqida ariza yozdirib olib, ish haqi saqlanmagan holdagi ta’til berilishi mumkin emas. Bu qonunga zid.

FDHYO bo‘limlari tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bermayotgani to‘g‘rimi? 

Bugungi kunda FHDYO organlari tomonidan fuqarolarni qabul qilish xodimlarning navbatchiligi asosida tashkil qilingan. Kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina tug‘ilish va o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish va guvohnomalar berish to‘xtalgan emas. 

Tug‘ilish guvohnomasi olish uchun o‘zingiz doimiy yashab turgan yoki bola tug‘ilgan joydagi FHDYO bo‘limlariga murojaat qilib guvohnoma olishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 221 nafarga yetdi. Ularning 25 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

ta'til koronavirus

Baholaganlar

69

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing