JSST dunyoda yangi pandemiya tarqalishidan ogohlantirdi
Olam
−
15 yanvar
10798Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumida koronavirusdan 20 baravar ko‘proq halokatli bo‘lishi kutilayotgan noma’lum kasallik bilan qanday kurashish muhokama qilinadi. Forum jadvalida tegishli uchrashuv 17 yanvar kuniga belgilangan.
"Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti noma’lum "X" kasalligi koronavirus pandemiyasidan 20 baravar ko‘proq o‘limga olib kelishidan ogohlantirdi. Bu bilan sog‘liqni saqlash tizimini oldinda turgan ko‘plab qiyinchiliklarga tayyorlash uchun qanday yangi choralar zarurligi muhokama qilinadi", deyiladi uchrashuv tavsifida.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, shu paytgacha dunyo bo‘ylab 6,9 milliondan ortiq odam koronavirusdan vafot etgan.
Davosdagi yig‘ilishda JSST Bosh direktori Tedros Gebreisus, Braziliya Sog‘liqni saqlash vaziri Nisiya Trindade, koronavirusga qarshi vaksinalardan birini ishlab chiqqan Britaniya-Shvetsiya farmatsevtika kompaniyasi AstraZeneca’ning ijrochi direktori Mishel Demare, Gollandiyadagi Royal Philips texnologiya korporatsiyasi prezidenti va bosh direktori Roy Jeykobs ishtirok etadi.
Qayd etish joizki, JSST rahbari 2023 yilning may oyidayoq barcha mamlakatlardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rishni so‘ragan. Bir necha hafta oldin JSST COVID-19 tufayli global sog‘liqni saqlash favqulodda holatini rasman bekor qildi. Biroq, Gebreisus dunyoni yanada xavfli infeksiyalarga duchor bo‘lishdan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus “sayyoradagi deyarli har bir inson” kasallikdan yaxshiroq himoyaga muhtojligini ko‘rsatgan.
“Agar biz kiritilishi kerak bo‘lgan o‘zgarishlarni amalga oshirmasak, kim qiladi? Biz ularni hozir bajarmasak, qachon qilamiz? Keyingi pandemiya kelganidami? Jahon hamjamiyati bunday xavfga qat’iy, birgalikda va adolatli javob berishga tayyor bo‘lishi kerak ", deydi bosh direktor.
JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, pandemiyaga qarshi kurash dunyoni ommaviy kasalliklarga shunchalik zaif qilib qo‘ygan "vahima va e’tiborsizlikni" emas, balki xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning bahorida JSST epidemiologi Richard Pibodi parranda grippi pandemiyasi ehtimoli haqida ogohlantirgan. U grippning odamlarga yuqishi mumkinligiga oldindan tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgan.
LiveBarchasi