Kannavaro ishga kirishdi, Kapadze esa ketishiga ishora qildi – O‘FA JCH-2026 oldidan ilk jiddiy qadamni tashladi

Sport

Bugun, 6 oktyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2006 yilgi Oltin to‘p sohibi va jahon chempioni, italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro bilan milliy terma jamoa bosh murabbiyligi borasida rasman shartnoma imzoladi. Shu tariqa futbol jamoatchiligi anchadan buyon muhokama qilayotgan mavzu qisman yopildi. Bugunning o‘zida ommaviy axborot vositalari uchun mabuot anjumani tashkil etilib, qolgan muhim savollarga javob berildi.

Matbuot anjumanida dastlab, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi media departamenti direktori Davron Fayziyev so‘zga chiqib, futbol jamoatchiligida yig‘ilib qolgan savollarga javob berdi. Xususan, u oldinroq ommaviy axborot vositalarida tarqalgan biroq, rasman ma’lumot berilmagan ayrim xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Shuningdek, tadbirda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov Kannavaro milliy terma jamoaga kelishidan oldin urchigan mish-mishlar yuzasidan ham rasmiy ma’lumot berdi. Jumladan, u ommaviy axborot vositalarida italiyalik mutaxassisning maoshi yiliga 4 mln yevro bo‘lishi haqidagi ma’lumotlar yolg‘on ekanini aytdi. O‘FA mulozimining so‘zlariga ko‘ra, Kannavaro yuqorida aytilgan summaning yarmining yarmini ham olmaydi. Biroq etika qoidalari va bosh murabbiyning iltimosiga binoan maoshning aniq summasi oshkor qilinmaydi.

Matbuot anjumanida milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi, ilk bor “oq bo‘rilar” uchun mundial yo‘llanmasini hal qilishda katta rol o‘ynagan Temur Kapadzening jamoadagi kelajagi borasida ham qisman ma’lumot berildi. O‘FA Kannavaroning yordamchilari va shtabi borasida e’lon qilgan xabarda Kapadzening ismi qayd etilmagandi. Biroq matbuot anjumanida u yordamchi murabbiy lavozimida ishtirok etdi va uning o‘zi bu lavozimda qancha payt ishlashi faqat vaqt masalasi ekanini, aniq kelishuv yo‘qligini ma’lum qildi.

“Jamoaga omad tilayman. O‘zbekiston terma jamoalarida 4 yildan ziyod faoliyat olib bordim va o‘ylaymanki, uni munosib bajara oldim. Yangi bosh murabbiyga muvaffaqiyat tilayman.

Ushbu va keyingi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida jamoaga yordam beraman qolganini vaqt ko‘rsatadi”, deydi Kapadze.

Qayd etish joiz, Kannavaro O‘zbekistonga kelishi haqida mish-mishlar paydo bo‘lgan paytdayoq Temur Kapadzening o‘zi ham bosh murabbiylik lavozimda qolishga loyiq ekani, aynan uning o‘zi milliy terma jamoani AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan mundialga olib borishi kerakligi haqida ko‘plab fikrlar bildirildi. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov mazkur masalada ham futbol rahbariyatining pozitsiyasini ma’lum qildi.

“Srechko Katanets boshchiligudagi jamoa bilan Jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgach, shartnoma muddati uzaytirilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq bosh murabbiyning salomatligi kutilmaganda yomonlashdi.

Uning murabbiylar jamoasi esa akademiyada, turli terma jamoalarimizda faoliyat yuritishlari kutilmoqda.

Murabbiy tayinlashda xalqaro ekspertlar, tahlilchilar va murabbiylar kengashi tomonidan doimiy ravishda o‘rganishlar davom etdi. Timur Kapadzening salohiyati va murabbiylik mahoratiga zarracha shubha yo‘q, unga nisbatan hurmatsizlik qilinmadi. Maqsadimiz birgalikda xalqaro darajada rivojlanishdan iborat.

Maqsadimiz har kuni rivojlanish, biz futboli rivojlanayotgan mamlakatlardan birimiz, tizimli ravishda ishlarimizni yo‘lga qo‘yib olishimiz kerak. Kannavaro kelishi bilanoq, yoshlar jamoalarimiz murabbiylari bilan ko‘rishdi, suhbatlashdi, tahliliy ishlarni boshlab yubordi, bu professionalizm. O‘z ishimizga tanqidiy yondashib, bugun kechagidan yaxshiroq bo‘lishga intilishimiz kerak”, deydi u.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning o‘zi ham jurnalistlarning qator savollariga javob qaytardi. Xususan, u O‘zbekistonda uzoq muddat qolish niyatida ekanini aytib, mamlakatga hatto velosipedini ham olib kelganini aytdi.

“Men 8 yoshimdan beri futboldaman, u men biladigan yagona soha. Umid qilamanki, vaqt o‘tib bundan-da rivojlanamiz. Bir oy avval bu yerga tashrif buyurdim. O‘shanda xazil tariqasida ishlashga tayyorligimni aytgandim, bu esa amalga oshdi. Albatta, futbolchilarni ham kuzatdim, lekin mashg‘ulotlarda bu yaqqol namoyon bo‘ladi. Bugun futbolchilarnbilan ko‘rishdik, ular orasida italyanchada so‘zlashadiganlari ham bor. Murabbiy va futbolchilar kommunikatsiyasi juda muhim. Timur Kapadze bilan ham yig‘inga chaqirilgan futbolchilar borasida gaplashdik. Mahalliy mutaxassislar shtabda bo‘lishi tarafdoriman, bu men uchun juda katta yordam beradi. Futbolchilar mentaliteti, mamlakat madaniyatini tez o‘zlashtirish zarur, shu sabab Ravshan Ermatovdan bu haqda o‘zim ham iltimos qildim.

Superliga o‘yinlarini ham kuzatib boraman, aytib o‘tganimdek, futbolchilarni maydonda kuzatish eng yaxshi taassurotni beradi. Men juda ko‘p “chemodan” bilan keldim. Maqsadim bu yerda ko‘proq bo‘lish, hatto velosipedimni ham olib keldim, uni haydashga vaqtim bo‘ladimi, yo‘qmi bilmadim, lekin ko‘proq odamlar orasida bo‘lishni yoqtiraman. Katta ishtiyoq bilan keldim, yoshlar va o‘smirlar jamoalarining o‘yinlarini ham kuzatib boraman, katta ishtiyoq bilan keldim.

Superliga intensivligini oshirish kerak, bu borada rahbariyat bilan gaplashamiz. O‘yin davomida yuqori temp bilan qancha ko‘p harakat qilsak, natijalar yaxshilana boshlaydi. Futbolchilar tiklanishlari ham juda muhim. Klublardagi murabbiylardan ham iltimos qilardik, futbolchilarning kunlik, haftalik yoki oylik ko‘rsatkichlarini yuborishsa, shunda bizda ularning natijalari o‘syaptimi yoki aksincha bilish imkoni bo‘ladi. Jahon chempionatidagi temp umuman boshqa daraja, buni ishonch bilan ayta olaman.

Menga 7-8 ta joydan taklif bor edi. Avvalo jamoa mundialga chiqqanligi, bu yerdagi loyihaning jiddiyligi meni taklifni qabul qilishga undadi. Jahon chempionatida o‘ynash qiyinmi, ha, juda qiyin, biroq harakat qilamiz. Agar 8 oyda ham jamoa bilan kommunikatsiya o‘rnata olmasam, demak menda muammo bor, deb hisoblash mumkin”, deydi Kannavaro.

Qayd etish joiz, Kannavaro futbolchi sifatida Italiya terma jamoasi safida 2006 yilgi Jahon chempionatida zafar quchgan va o‘sha yili eng yaxshi futbolchi sifatida “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritgan, shuningdek, FIFA talqini bo‘yicha “Yilning eng yaxshi futbolchisi” sovrini bilan taqdirlangan. Bosh murabbiy sifatida Xitoy terma jamoasida, Saudiya Arabistoni, Italiya va Xorvatiya klublarida faoliyat yuritgan. Biroq katta natijalar qayd etmgan. Kannavaro bosh murabbiy o‘laroq maqtanadigan natijalarga erisha olmagan bo‘lsa-da, u O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun borini berib harakat qilishini aytmoqda. Albatta, futbol jamoatchiligi va muxlislar undan yaxshi natija kutadi. Xususan, 2+3 shaklidagi shartnoma 5 yilga cho‘ziladimi yoki 2 yilligicha qoladimi buni vaqt ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'FA Ravshan Ermatov bosh murabbiy Fabio Kannavaro JCh-2026

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing