Kanadadagi kondan ikki mlrd yillik suv topildi
Bu qiziq
−
22 iyun 4954 2 daqiqa
Geologlar Kanadaning Ontario provinsiyasidagi Kidd-Krik konidan yer po‘stlog‘ida taxminan ikki milliard yil davomida izolyatsiyada qolgan suvni topdi. Bu haqda Toronto universiteti tadqiqotiga tayanib, “Space Daily” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, suv namunasi taxminan uch kilometr chuqurlikdan yuqoriga olib chiqilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ushbu suv uzoq vaqt davomida qadimgi tog‘ jinslari qa’rida “qamalib qolgan” va atmosfera bilan umuman aloqada bo‘lmagan. Olimlarga uning yoshini aniqlashda suyuqlikda erigan atsil gazlar – geliy, neon, argon va ksenon tarkibi yordam bergan. Ushbu elementlar yopiq tizimda to‘planib borgan, bu esa suvning qancha vaqt davomida izolyatsiyada bo‘lganini baholash imkonini bergan.
Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, suyuqlik haddan tashqari sho‘r – undagi tuzlar konsentratsiyasi dengiz suviga qaraganda taxminan o‘n baravar yuqori. Shuningdek, u yaqqol seziladigan achchiq ta’m va o‘tkir oltingugurt hidiga ega.
Olimlarda alohida qiziqish uyg‘otgan jihat shundaki, ushbu qadimgi suv tarkibida mikroorganizmlar mavjud bo‘lgan. Olimlarning fikricha, mikroorganizmlar quyosh nuri ishtirokisiz, suv va atrofdagi minerallar o‘rtasidagi kimyoviy reaksiyalar tufayli top-qorong‘ilikda yashab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Tadqiqotchilar bu topilmani Yerning qadimiy tarixiga oid noyob “kapsulali” parcha deb atamoqda. U sayyoraning chuqurlikdagi ekotizimlarida hayot qanday rivojlanganini va mikroorganizmlar qanday sharoitda milliardlab yillar davomida yashay olishini yaxshiroq tushunishga yordam berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Arizona shtati universiteti tadqiqotchilari tuman shunchaki suv tomchilarining to‘plami emas, balki bakteriyalar yashashi, ko‘payishi va ifloslantiruvchi moddalarni qayta ishlashi mumkin bo‘lgan faol mikromuhit ekanligini aniqlagan edi.
Live
Barchasi