Kanadada yuqori harorat bo‘yicha 84 yillik rekord yangilandi
Olam
−
30 iyun 2021
9715Kanadada uchinchi kun ketma-ket misli ko‘rilmagan harorat ko‘rsatkichlari qayd etilmoqda. Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi Litton qishlog‘ida havo harorati kecha, 29 iyun kuni selsiy bo‘yicha 49,5 darajaga yetdi. Bu haqda Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qildi.
Mamlakatda 1937 yilda o‘rnatilgan issiq havo rekordi yangilangan, o‘sha yili 45 daraja issiq qayd etilgandi. Mamlakatda issiqdan odamlar vafot etayotgani aytilmoqda.
“Biz Britaniya Kolumbiyasidagi eng issiq haftani boshdan kechirmoqdamiz”, degan provinsiya rahbari Jon Xorgan.
U aholini sovuq kompresslar tayyorlashga va iloji bo‘lsa, uyning eng salqin qismida bo‘lishga chaqirgan.
Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi “xavfli va tarixiy jazirama bu hafta ham davom etadi”, deb ogohlantirish bergan.
Shuningdek, AQSHning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Portlend (Oregon shtati) va Sietl (Vashington shtati) shaharlarida ham 1940 yildan beri qayd etilmagan eng yuqori harorat kuzatilmoqda. Ko‘p joylarda konditsioner va ventilyatorlar sotilib ketgan. Ba’zi aholi issiqdan yerosti garajlarida, hattoki konditsionerli transport vositalarida jon saqlamoqda.
Meteorologlar ob-havo anomaliyasini yuqori atmosfera bosimi natijasida yuzaga keladigan “termal gumbaz” effekti bilan bog‘lamoqda.
LiveBarchasi