Kanadada ham samolyot muvaffaqiyatsiz qo‘nishdan so‘ng yonib ketdi (video)

Olam

image

Kanadaning PAL Airlines aviakompaniyasining Sent-Jonsdan uchib kelgan samolyoti Galifaks aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda CBC News xabar berdi.

Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga qanoti bilan urilganidan keyin yonib ketgan. Galifaks aeroporti samolyot bilan sodir bo‘lgan voqea tufayli vaqtincha yopilgan. Samolyotdagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari tushirilgan va aerodromdan olib ketilgan. Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari soni esa hozircha ma’lum emas. Biroq ushbu aviakompaniya xizmatidan foydalanib ko‘rgan hamda halokatga uchragan ushbu samolyot yo‘lovchilaridan birining bergan hisob-kitoblarga ko‘ra, samolyot 80 ga yaqin yo‘lovchini sig‘dira oladi. Sababi bort yo‘lagining har ikki tomonida bir juftdan o‘rindiq bor, qatorlar soni 20 ta.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 dekabr kuni Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchragandi. Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan.

Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin ham bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 179 kishi halok bo‘lgan. Omon qolgan ikki kishi – bir yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri.


Maqola muallifi

Teglar

samolyot Kanada PAL Airlines aviakompaniyasi Galifaks aeroporti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing