Kanada Bosh vaziri Jorj Floyd xotirasi uchun tiz cho‘kdi
Jamiyat
−
06 iyun 2020
6449Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo Ottava markazida irqchilik va politsiyaning shafqatsizligiga qarshi namoyishda ishtirok etdi. Bu vaqtda Bosh vazir namoyishchilar bilan birga AQSHda politsiya tomonidan o‘ldirilgan Jorj Floyd xotirasi uchun tiz cho‘kdi. Bu haqda "The Glove and Mail" nashri xabar berdi.
Namoyish maysazorda milliy parlament binolari majmuasi oldida bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar bilan birgalikda Jastin Tryudo o‘lgan afro-amerikalik Jorj Floydni xotirlash uchun tiz cho‘kdi va ta’kidlanishicha, u buni bir necha bor amalga oshirgan.
Tryudo namoyishda qora himoya niqobida paydo bo‘ldi. U bilan birga hukumatning bir qancha amaldorlari ham namoyishda ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 may kuni Minneapolis politsiyasi afroamerikalik Jorj Floydni hibsga oldi. Qo‘lga olish paytida politsiyachi erkakning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turdi. Floyd “men bo‘g‘ilyapman”, deb bir necha marta aytgan bo‘lsa ham huquq-tartibot idorasi xodimi bunga e’tibor bermagan. Oqibatda, erkak reanimatsiyada vafot etgan. Bu AQSHda ommaviy norozilik va tartibsizliklarni keltirib chiqardi.
Sud-tibbiy ekspertizasi Jorj Floyd boshqa yondosh kasalliklardan emas, aynan bo‘yin va yelkaning qattiq bosilishidan nafas ololmay o‘lganini ta’kidladi.
Amerika shaharlarida boshlangan taloto‘pda 11 kishi halok bo‘lgani aytildi. AQSHda boshlangan noroziliklar Fransiya, qisman Buyuk Britaniya va Germaniyaga ham ta’sir qildi.
LiveBarchasi