Kanada ham Isroilni “og‘irroq bo‘lish”ga chaqirdi

Olam

image

Kanada rasmiylari Isroil hukumatini tinch aholining qurbon bo‘lishini oldini olish uchun G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti davomida maksimal darajada vazminlikni saqlashga chaqirdi. Bu haqda Bosh vazir Jastin Tryudo Vankuverga tashrifi chog‘ida so‘z ochdi. 

"Men Isroil hukumatini maksimal darajada vazminlik ko‘rsatishga chaqiraman. Butun dunyo ayollar, bolalar va go‘daklar o‘ldirilishiga guvoh bo‘lmoqda. Bunga chek qo‘yilishi kerak”, degan Kanada hukumati rahbari. 

Tryudo Isroilga hatto urushlarning ham qoidalari borligini eslatgan. Uning aytishicha, G‘azo sektorining tinch aholisi gumanitar yordam ko‘rsatish uchun Falastin-Isroil mojarosi zonasida uzoqroq gumanitar pauza qilinishi kerak. 

Shu bilan birga, Tryudo HAMAS falastinliklarni tirik qalqon sifatida qo‘llashni to‘xtatishi, shuningdek, barcha garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishi kerakligini aytgan.

Oradan ko‘p o‘tmay Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kanadalik mavqedoshining tanqidiga javob qaytardi. 

“Tinch aholiga ataylab hujum qilgan Isroil emas, balki tinch aholining boshini kesgan, yoqib yuborgan va o‘ldirgan, Holokostdan beri yahudiylarga qarshi eng dahshatli jinoyatni sodir etgan HAMAS edi.  Svilizatsiyalashgan kuchlar HAMASning vahshiyligini yengishda Isroilni qo‘llab-quvvatlashi kerak”,  deb yozdi X ijtimoiy tarmog‘ida Tryudoga yo‘llagan murojaatida.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham Isroilni G‘azo sektorida tinch aholining o‘limiga sabab bo‘layotgan bombardimonni to‘xtatishga chaqirgandi. Netanyaxu esa Makronning tanqidini rad etib, bu o‘limlar uchun HAMAS javobgar, deb hisoblashini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Kanada Jastin Tryudo G'azo Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing