Kamtarlik qilgan janob Mirzayev, to‘g‘oni yorilgan suv ombori, “Tolibon”ning yangi taqiqlari – yangiliklar dayjesti

Jamiyat

image
Bugun, 22 noyabr kuni O‘zbekiston va jahonda muhim voqeliklar sodir bo‘ldi. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qayta emlash boshlangan bir paytda “Tolibon” Afg‘onistonliklar uchun yangi taqiqlar joriy qildi. Sportga keladigan bo‘lsak, Jahon kubogida o‘zbekistonlik qilichbozlar     g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shu kabi xabarlarning qisqacha tafsiloti bilan quyida tanishing.

Jamiyat 

Endi talaba davlat imtihonidan yiqilsa, bir yil kutmaydi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi buyrug‘i davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, endilikda yakuniy davlat attestatsiya sinovidan o‘ta olmagan shaxs keyingi har bir o‘quv yilida (3 yil davomida) o‘z arizasiga muvofiq  2 martagacha imtihonni qayta topshirish huquqiga ega.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qayta emlash boshlandi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi buster (qo‘shimcha) doza bilan ixtiyoriy emlash boshlandi. 

Mamlakat bosh davlat sanitariya vrachining ko‘rsatma xatiga muvofiq, joriy yilning 17 noyabr kunidan boshlab to‘liq emlangan fuqarolar (2 yoki 3 marotaba emlanganlar) buster doza bilan ixtiyoriy emlanadi.

Ta’kidlanishicha, qayta emlash aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetni oshirish maqsadida yo‘lga qo‘yildi.
 
Qibraydan Mirzo Ulug‘bek tumaniga qariyb 2,3 ming gektar yer o‘tkazildi

Toshkent viloyati Qibray tumanidan poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumaniga jami 2294,6 gektar shundan 1002,6 gektar qishloq ho‘jaligi yer maydonlari o‘tkazilgan. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Bundan tashqari quyidagi ob’ektlarning Mirzo Ulug‘bek tumaniga o‘tkazilishi ta’minlangan:

•    Mahallar soni - 13 ta;
•    Yakka tartibdagi turar joylar - 9137 ta;
•    Noturar joylar - 428 ta;
•    Maktablar - 2 ta;
•    Maktabgacha ta’lim muassasalari - 4 ta;
•    Diniy muassasalar - 1 ta;
•    Qabristonlar - 2 ta;
•    Tibbiy muassasalar - 1 ta.

Toshkentda yigit jonivorlarni shavqatsizlarcha o‘ldirdi. IIBB uning shaxsini aniqladi

Ijtimoiy tarmoqda yosh yigit hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB mazkur holatga munosabat bildirib, jonivorlar bilan shavqatsiz munosabatda bo‘lgan yigitning shaxsi aniqlanganini ochiqladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda noma’lum shaxs Yashnobod tumanida mushuklarni qiynagani va o‘ldirganini ko‘rish mumkin. Videoda 16-20 yosh atrofidagi yigit mushuklarni paket yordamida aldab ushlagan va ularni podezdga olib kirib, qiynagani tasvirlangan. 40 daqiqa ichida u beshta mushukni qiynagan va ularning birini o‘ldirgan.

Janob Mirzayev: “menga “hurmatli” deb murojaat qilmanglar

Bugun, 22 noyabr kuni Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Zoyir Mirzayev raisligida videoselektor tarzida ilk “hokimlik soati” o‘tkazildi. Unda viloyatning 22 ta tuman-shaharlari sektor rahbarlari, viloyatdagi barcha boshqarma va tashkilotlar va ularning hududiy bo‘linmalari boshliqlari, mahalliy kengashlar deputatlari, viloyat faollari ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida viloyat rahbari Zoyir Mirzayev boshqaruv siyosatida belgilab olingan eng ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Hokim fuqarolar bilan qabulni ko‘chma tartibda olib borishini ma’lum qildi. Unda hamma sektor rahbarlari qatnashadi. Yangi tartibga ko‘ra, soat 14:00 da bo‘ladigan qabulga soat 8:00 da o‘sha murojaatchining sektor rahbari, tegishli tashkilot mutasaddisi uyiga borib, masalasini joyida o‘rganib chiqadi.

Olam

Qozog‘istonda suv ombori to‘g‘oni yorildi

Qozog‘istonning janubi-sharqida, Olma-ota viloyatida Knijevsk suv ombori to‘g‘oniga shikast yetdi. Bu haqda “Kazinform” Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib, xabar bermoqda.

“21 noyabr kuni soat 23:13 da Olma-ota viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Olmaota viloyati, Jambil tumani, Minbayevo qishlog‘i yaqinida Knijevsk suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi sodir bo‘lgani, teshikning kengligi 5-6 metrni tashkil etishi haqida xabar kelib tushdi”, degan vazirlik vakili.

Xitoy Afg‘onistonga gumanitar yordam jo‘natdi 

Xitoy poyezd orqali Afg‘onistonga 1000 tonnadan ortiq zaruriy buyumlar va boshqa birlamchi mahsulotlardan iborat yordam jo‘natdi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, poyezd joriy yilning 20 noyabr kuni XXRning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi Xorgos shahridan Afg‘onistonga yo‘l olgan. 

50 ta yuk konteynerini olib ketayotgan poyezd taxminan 12 kunda belgilangan manzilga yetib borishi kerak. Agentlik xabariga ko‘ra, muhtoj afg‘onlar sovuq havoda issiq kiyim, poyabzal, ko‘rpa-to‘shak, non va choy bilan ta’minlanadi. 

AQSHda avtomobil olomon ustiga bostirib kirdi. Qurbonlar bor

Kecha, 21 noyabr kuni AQSHning Viskonsin shtatidagi Uokesho shahrida o‘tkazilayotgan Rojdestvo paradida avtomobil olomon ustiga bostirib kirdi.  

Mahalliy politsiya avtomashinaning urilishi natijasida 20 dan ortiq kishi jarohatlangani va bir necha kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. 

Ta’kidlanishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari ushbu ishni o‘rganish uchun “odamlarda qiziqish uyg‘otgan shaxs”ni qo‘lga olib, odamlarni urib yuborgani taxmin qilinayotgan yo‘ltanlamasni topgan. 

“Tolibon” yangi taqiqlar joriy qildi

“Tolibon” Afg‘onistonda hukumatni qo‘lga kiritganiga 100 kun to‘lishi arafasida tartib-qoidalarini yanada qat’iylashtirdi. O‘zining sakkiz banddan iborat yangi yo‘riqnomasini e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Afg‘onistonda “Tolibon” hukumati joriy qilgan yangi qoidalarga ko‘ra, ayollarning teledasturlarda ishtirok etishi taqiqlandi. Ayol jurnalistlar va boshlovchilarga ham ekranda ro‘mol o‘rash buyurilgan, garchi qanday o‘ranish ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham.

Afg‘oniston telekanallari uchun e’lon qilingan “Tolibon”ning so‘nggi yo‘riqnomalari sakkizta yangi qoidani o‘z ichiga oladi. Jumladan, shariat (yoki islom) tamoyillari va afg‘on qadriyatlariga zid deb topilgan filmlarni, shuningdek erkaklarning intim a’zolari tasvirini ko‘rish taqiqlanadi.

Qirg‘izistonda xarita sabab mojaro chiqdi

Qirg‘izistonda dam olish kunlari hukumat tadbiri vaqtida o‘rnatilgan xarita ortidan yuzaga kelgan janjal muhokamasi bilan o‘tdi.

Gap shundaki, prokuratura xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning mamlakat xaritasi fonida so‘zlagan nutqi chog‘ida Vorux anklavining to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tojikistonga qo‘shib olinganiga ko‘pchilik e’tibor qaratdi.

Bu ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz segmentida noroziliklarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik rasmlar o‘chirildi.

Sport

Jahon kubogida o‘zbekistonlik qilichbozlar tengsiz bo‘ldi

Kecha, 21 noyabr kuni Toshkentda start olgan qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogida jamoaviy bahslar o‘tkazildi va unda O‘zbekiston terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 

Dastlab Misr jamoasini 45:21 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan qilichbozlar yarim finalda bolgariyalik raqibalaridan 45:36 hisobida ustun kelishdi. Finalda kutilganidek O‘zbekiston va Rossiya yoshlari o‘zaro bahs olib bordi. Keskin va murosasiz o‘tgan bellashuvda Zaynab Dayibekova yetakchiligidagi sablyachilar 45:36 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medallarni qo‘lga kiritishdi.

Jamoaviy dasturda Dayibekovadan tashqari Gulistan Perdiboyeva, Samira Shokirova hamda Venera Isroilova O‘zbekiston sharafini  himoya qildi.

O‘zbekistonga qaytgan Ahmadaliyevning raqibi kim bo‘ladi?

Bugun, 22 noyabr kuni professional boksning super yengil vazn toifasida WBA va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev (10-0-0) O‘zbekistonga qaytib keldi. MJ o‘z fikrlarini bildirar ekan navbatdagi jang mutlaq Jahon chempionligi uchun bo‘lib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.

“Keyingi jangim chempionlik kamarlarini birlashtiruvchi maqomida bo‘ladi. 28 noyabr kuni Stiven Fulton (WBO) va Brendon Figeroa (WBC) o‘zaro bahs olib boradi. Bellashuv g‘olibi WBO va WBC kamarlarini qo‘lga kiritadi va menga qarshi mutlaq chempionlik jangida ishtirok etadi”, deydi Ahmadaliyev.

Nuriddinov va Jo‘rayev asosiyda. O‘zbekistonning Jahon chempionati uchun tarkibi ma’lum

O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasining Jahon chempionati uchun tarkibi e’lon qilindi.

Dunyo birinchiligida -109 kg vazn toifasida Olimpiya chempionlari Ruslan Nuriddinov (Rio-2016) va Akbar Jo‘rayev (Tokio-2020) ishtirok etadi. Shuningdek, tarkibdan Adhamjon Ergashev (67 kg), Kumushxon Fayzullayeva (71 kg) hamda Muhammadqodir Toshtemirov (81 kg) kabi boshqa atletlar ham o‘rin olgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

123

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing