Kamerunda dunyodagi eng keksa Prezident yana saylandi
Olam
−
28 Oktabr 4026 2 daqiqa
Kamerunda 92 yoshli Pol Biyya sakkizinchi marta prezidentlik lavozimiga qayta saylandi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kamerun Konstitutsiyaviy kengashi joriy yilning 12 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining natijalarini e’lon qilgan. Biyya 53,7 foiz ovoz to‘plagan. Uning asosiy raqibi – muxolifatdagi Kamerun Milliy qutqaruv fronti nomzodi Issa Chiroma esa 35,2 foiz ovoz yig‘gan.
Saylovlarda Biyyadan tashqari yana 9 nomzod ishtirok etgan. Ular orasida Prezidentning sobiq ittifoqchilari ham bor, jumladan, Chiroma ham shular orasida.
Chiroma ovoz berish yakunlangach, o‘zini saylovdagi g‘olib deb e’lon qilgan. Kamerunning bir nechta shaharlarida muxolifat tarafdorlari norozilik namoyishlariga chiqqan, ularning ayrimlari tartibsizliklar va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan. Chiroma shtabi va mahalliy hokimiyat organlari rasmiy natijalar e’lon qilinishiga bir kun qolganda, mamlakatning iqtisodiy markazi bo‘lgan Duala shahrida yuz bergan tartibsizliklar chog‘ida 4 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Pol Biyya dunyodagi eng keksa davlat rahbari hisoblanadi. U 1982 yildan beri Kamerun Prezidenti lavozimini egallab kelmoqda. 2008 yilda u prezidentlik muddatini cheklovchi qonunni bekor qilib, hokimiyatda muddatsiz qolish imkoniyatini yaratgan. Yangi yetti yillik muddat unga deyarli 100 yoshgacha davlat rahbari bo‘lib qolish imkonini beradi.
Biyyaning saylovdagi g‘alabalari doimo ovozlarni soxtalashtirish haqidagi ayblovlar bilan birga kechadi. Uning partiyasi – Kamerun xalq demokratik harakati hamda hukumat bu ayblovlarni qat’iyan rad etib keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kamerun Prezidenti, 91 yoshli Pol Biyya 2025 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘yishini aytdi.
Live
Barchasi