Kam ta’minlangan oilalarga “prodlyonka” uchun to‘lov qoplab beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Kam ta’minlangan oilalar farzandlarining umumta’lim muassasalaridagi kuni uzaytirilgan guruhlarda o‘qishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb topilgan oilalar farzandlarining umumta’lim muassasalaridagi kuni uzaytirilgan guruhlarda bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi tegishlicha quyidagi jamg‘armalar tomonidan qoplab beriladi:

  • “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash jamg‘armasi;
  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab quvvatlash jamg‘armasi;
  • “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi.

Bunda, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari har yili: 

  • 1 avgustgacha maktablarda ta’lim olayotgan kam ta’minlangan oila farzandlarini aniqlaydi;
  • 5 avgustgacha umumta’lim muassasalarining kuni uzaytirilgan guruhlarida o‘qish istagida bo‘lgan hamda to‘lov to‘lashdan ozod etilmagan kam ta’minlangan oilalar farzandlari ro‘yxatini shakllantiradi; 
  • ro‘yxatlarni 10 avgustgacha tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi bo‘limi, “Mahalla” xayriya jamoat fondining bo‘limi bilan kelishadi va xalq deputatlari tuman (shahar) kengashiga tasdiqlash uchun kiritadi.

Umumta’lim muassasasi kengash qarori kelib tushgan kundan 3 kun ichida tegishli o‘quvchilarning ota-onalari (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan shartnoma tuzadi.

Shartnomalar bir o‘quv yili uchun tuziladi.

Shunga ko‘ra, to‘lov har bir bolaga o‘quv yili davomida bir oy uchun BHMning 25 foizigacha (61 250 so‘mgacha) miqdorda qoplab beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab

Baholaganlar

96

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing