“Kalila va Dimna” jonlangan marosim: Qatar yana dunyoni lol qoldirdi (fotoreportaj)
Sport
−
13 yanvar
12797Kecha, 12 yanvar kuni 4 yilda bir marotaba o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Osiyo kubogining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Musobaqa mezboni Qatar va Livan terma jamoalari o‘rtasidagi orziqib kutilgan to‘qnashuv oldidan “Lusail” stadioni butun qit’adan kelgan muxlislarni ajoyib atmosfera bilan qarshi oldi.
Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol-Soniy ishtirok etgan marosim qadimiy ertak asosidagi “Kalila va Dimnaning yo‘qolgan bo‘limi” nomli ajoyib teatrlashtirilgan tomosha bilan boshlandi.
Til va chegara bilmas Osiyoning turli madaniyatlari o‘rtasidagi do‘stlikni namoyish etgan spektakldan so‘ng Qatar terma jamoasi sardori Hasan Al Haydos futbolchilarning qasamyodini qabul qildi.
Marosimda Falastin-Isroil mojarosi ham e’tibordan chetda qolmadi. Al Haydos qasamyoddan so‘ng, mikrofonni Falastin terma jamoasi sardori Musab Al-Battatga uzatdi. Tadbirda Falastin milliy madhiyasining yangragani ham arab xalqlarining o‘zaro hamjihatligiga ishora qildi.
Marosim livanlik qo‘shiqchi Abeer Nehmening chiqishiga ulanib ketdi. Badiiy chiqishlardan so‘ng maftunkor mushaklar shousi stadiondagi atmosferani yanada jonlantirdi.
Nihoyat Osiyo kubogining dastlabki o‘yiniga start berildi. Qatar terma jamoasining ustunligida o‘tgan bahs yakunda 3:0 hisobi bilan yakunlandi. Mezbonlar safida gollarga Akrom Afif va Almoyez Ali mualliflik qildi.
Ma’lumot uchun, Osiyo kubogi bahslari 10 fevralga qadar bo‘lib o‘tadi.