Kadastrlar palatasi xodimi 15 ming dollar bilan qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
11 noyabr 2023
6342Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida Kadastrlar palatasining xodimi 15 ming AQSH dollari olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Davlat kadastrlari palatasining Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani filiali xodimi va yana bir shaxs o‘zaro til biriktirib, dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga tumandagi fermer xo‘jaliklaridan biriga tegishli 17 gektar yer maydonini ijaraga olib berish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilgan.
Ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi shaxs aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, unga tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 55 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali olib berish evaziga 55 ming AQSH dollari so‘ragan.
U talab qilingan pul mablag‘idan 11 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir holatda esa Farg‘ona tumanida yashovchi, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan shaxs bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning 13 gektar yer maydonini xaridorga 20 ming AQSH dollariga sotishga va hokimiyatdagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishga kelishib olgan. U oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi dehqon xo‘jalik rahbari tuman hokimining 2019 yildagi qarori bilan dehqon xo‘jaligi tashkil etish hamda vaqtincha foydalanish uchun ajratilgan 2 gektar yer maydonini xaridorga 300 mln so‘mga sotishga kelishgan.
Dehqon xo‘jalik rahbari talab qilingan pul mablag‘idan 8200 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi