Kadastr ishlari xususiy sektorga o‘tkazilishi mumkin
Jamiyat
−
04 fevral 2021
6148Vazirlar Mahkamasining “Kadastr ishlarini bajarish sohasida davlat organlari funksiyasini xususiy sektorga o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Loyiha davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarini amalga oshirish maqsadida hamda 2020 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi instituti joriy etilganligini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasining qarori bilan tasdiqlangan Ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisining malaka shahodatnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom amal qilmoqda. Nizomga binoan kadastr muhandisi tomonidan ko‘chmas mulk ob’ektlarining boshlang‘ich kadastr hujjatlarini tayyorlash ishlari amalga oshirilmaydi.
Loyihada quyidagi hujjatlarni tasdiqlash nazarda tutiladi:
• Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisining malaka shahodatnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom (1);
• Toshkent viloyati va Toshkent shahrida kadastr muhandislari tomonidan ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr yig‘majildi tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar narxining minimal stavkalari (2).
Nizomga (1) muvofiq geodeziya, bino va inshootlar qurilishi, qurilish ekspertizasi, ko‘chmas mulk ekspertizasi, arxitektura, yer tuzish va yer kadastri bo‘yicha oliy ma’lumotga ega yoki kadastr munosabatlari sohasida kasbiy qayta tayyorgarlik dasturi bo‘yicha ta’lim olgan, shuningdek tegishli sohada kamida bir yil ish stajiga ega jismoniy shaxslar kadastr muhandisi malaka shahodatnomasini (keyingi o‘rinlarda – shahodatnoma) olishga talabgor bo‘lishi mumkin.
Malaka imtihoni test sinovi usulida, kompyuter texnikasidan foydalangan holda, talabgorning tanloviga ko‘ra o‘zbek yoki rus tilida o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda. Imtihondan o‘tmagan talabgor imtihonni qayta topshirishga va apellyatsiya berish huquqiga ega.
Kadastr muhandisi yuridik shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida quyidagi kadastr xizmatlarini ko‘rsatishi taklif etilmoqda:
• ko‘chmas mulk ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish;
• ko‘chmas mulk ob’ektlarining qavatma-qavat rejalarini tuzish;
• ko‘chmas mulk ob’ektlari texnik rejalarini rasmiylashtirish;
• ko‘chmas mulk ob’ektlarini texnik hisobga qo‘yish.
Shuningdek loyiha bilan quyidagilar belgilanmoqda:
• shahodatnomani qayta rasmiylashtirish va dublikatini berish tartibi;
• shahodatnoma amal qilishini tugatish va uni bekor qilish asoslari;
• Agentlik tomonidan kadastr muhandislari reyestrini yuritish tartibi.
LiveBarchasi