Yer va kadastr hujjatlari uchun pul olgan ikki mansabdor ushlandi (video)
3-sahifa
−
28 iyul 4923 2 daqiqa
Yer rasmiylashtirib berish evaziga jami 3,5 ming AQSH dollari olayotgan ikki mansabdor ushlandi. Ulardan biri Buxoroda 2,5 ming dollar, ikkinchisi Qashqadaryoda 1 ming dollar talab qilgani aniqlangan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat kadastrlari palatasining Buxoro viloyati boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroga tegishli yer va bino hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
U Romitan tumani hokimligi zaxirasidagi 65 kvadrat metr yer maydonida 2015 yilda o‘zboshimchalik bilan qurilgan savdo va xizmat ko‘rsatish binosi hamda unga tutash 35 kvadrat metr bo‘sh yer uchastkasini fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Ko‘kdala tumani bo‘limida bosh mutaxassis lavozimida ishlagan shaxs ham noqonuniy pul olayotgan vaqtida ushlangan.
U 1964 yilda tug‘ilgan fuqaroga 2019 yilda Chiroqchi tumani hokimi qarori bilan ajratilgan 1 sotix yer maydoni bo‘yicha kadastr hujjatlarini tayyorlab, ro‘yxatdan o‘tkazib berish uchun Kadastr tizimidagi tanishlari orqali yordam ko‘rsatishini aytib, buning evaziga ming AQSH dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida u so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan paytda qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda davlat zaxirasidagi 24 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda sotishga uringan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi