Quyoshni to‘sgan tutun. Zangiotada zavod yondi
3-sahifa
−
10 Sentabr
7947Toshkentda yong‘inlar soni ko‘paymoqda. Bugun, 10 sentyabr kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani “Erkin” MFY hududida joylashgan bo‘yoq zavodida yong‘in chiqqani xabar berildi. Soat 14:00 atrofida boshlangan yong‘in Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, 5 soatdan keyin 18:56 da o‘t o‘chirish ekipajlari tomonidan bartaraf etilgan.
Hududda yashovchi aholi vakillarining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, bu shunchaki yong‘in emas, balki portlashdir.
“Birinchi bochkalar bong-bong etib, bombaga o‘xshab portladi. Keyin ko‘chaga chiqdim. Qarasam, hammayoq qop-qora tutun, yonyapti. Borsak, bo‘yoq zavodiga o‘t tushibdi, deyishdi”, dedi aholi vakillaridan biri.
Yana bir voqea guvohining ochiqlashicha, dastavval odamlar qo‘rqib baqirishgan. Keyin tez tibbiy yordam va o‘t o‘chiruvchilar kelgach, vaziyat biroz o‘nglangan.
“Biz o‘sha zavodning ro‘parasida joylashgan korxonada ishlaymiz. Portlash uchqunlari ishxonamizgacha yetib keldi. Shundan so‘ng bizni evakuatsiya qilishdi. Qo‘riqchilarning bari shu yerda”, dedi ishchi ayol.
Ularning aytishicha, quyuq tutundan hatto quyosh ham ko‘rinmay qolgan. Ammo Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent viloyat boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Rustam Alimov bu portlash emasligini aytmoqda.
“Bu portlash emas. Soat 14:15 da Toshkent viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Zangiota tumani “Erkin” MFY hududida bo‘yoq mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ishlab chiqarish korxonasida yong‘in sodir bo‘layotgani xabar qilingan. Xabarga asosan 8 daqiqada zaruriy texnikalar jalb qilingan. Hozirgi paytda yong‘in to‘liq nazoratda bo‘lib, o‘rab olingan. Yong‘in joyida 15 ta maxsus, 9 ta yordamchi va 3 ta asosiy turdagi avtoekipajlar yong‘inni bartaraf etish bilan shug‘ullanmoqda. Ayni paytda 200 ga yaqin shaxsiy tarkib ishga jalb qilingan. Ayni paytda 2000 kv/m hudud yongan, qolgan hududlar saqlab qolingan”, deya ma’lum qildi Rustam Alimov.
Ammo nima uchun shuncha tarkibdan iborat guruh yong‘inni o‘chirishga ko‘p vaqt sarfladi? Alimov buning sababini bo‘yoq mahsulotlari yonuvchan modda bo‘lgani va shu sababli ham boshqa yon mahsulotlarni sovitishga, olov hududining kengayib ketishining oldini olishga ko‘p vaqt ketgani bilan izohladi. Ammo u yong‘in sababi va qurbonlari haqida hozircha aniq ma’lumot berolmasligini ma’lum qildi.
“Hozircha bizga tan jarohati olganlar yoki halok bo‘lganlar haqida ma’lumot kelib tushmadi. Shuningdek, yong‘in sababi ham tegishli sud-ekspertiza xulosasiga ko‘ra aniqlanadi”, dedi mas’ul.
Yong‘in markazi aholi zich yashovchi hududda va shundoqqina 36-umumiy o‘rta ta’lim maktabi orqasida joylashgan. Yong‘in sodir bo‘lgan paytda maktabda 2-smenada bolalar uchun darslar boshlangan bo‘lgan. Portlashdan so‘ng o‘qituvchilar ota-onalarni zudlik bilan chaqirtirib, bolalarni uyiga jo‘natib yuborgan. Shu sababli odamlar bunday korxonalarning aholi yashash manzillaridan uzoqroqda joylashishi tarafdori.
“Nabiralarim maktabda edi. O‘qituvchilari uyimizga chiqarib yuboribdi. Yomon portladi deyishdi. Nechta bolaning ahvoli yomon bo‘lib, tez yordam chaqirtirilibdi. Shu yaxshimi? Umuman, bu yerda zavod qurilishi xato”, dedi fuqarolardan biri.
Ma’lumot uchun, so‘nggi paytlarda Toshkentda yong‘inlar avj olmoqda. Masalan, 10 avgust kuni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi do‘kon yonib ketdi. 15 avgust kuni Toshkentdagi ko‘chalardan birida yong‘in chiqdi. Xuddi shu kuni boshqa bir hududda yosh bola olov ichida qolib ketgan. 24 avgust kuni Toshkent shahar Yangihayot tumanida joylashgan omborda kuchli yong‘in chiqqan.
Hulkar Murtazoyeva