Quyoshda so‘nggi yetti yildagi eng kuchli portlash sodir bo‘ldi
Bu qiziq
−
23 fevral
9737Bugun, 23 fevral kuni Quyoshda so‘nggi yetti yildagi eng kuchli chaqnash sodir bo‘ldi. Oxirgi marta bunday hodisa 2017 yilda kuzatilgan. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Koinot tadqiqotlari institutining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi xabar berdi.
"Quyoshda qayd etilgan radiatsiya oqimlari kvadrat kilometrga taxminan bir kilovattni tashkil etdi – bu oxirgi qayd etilgan rekord darajadan atigi ikki-uch baravar past. Quyosh chaqnashi "X6,3" deb baholandi va 2017 yildan beri sodir bo‘lgan eng katta portlash hisoblanadi. Kuzatuvlarga ko‘ra, oxirgi chaqnash xavfli darajada Quyosh-Yer chizig‘iga yaqin joyda bo‘lgan”, deyiladi laboratoriya izohida.
Ma’lum qilinishicha, Quyosh chaqnashidan sodir bo‘ladigan plazma bulutlari Yerga qarab harakatlansa, ularning sayyora orbitasiga yetib kelishi va shunga mos ravishda magnit maydoniga ta’siri 25 fevral kuni sodir bo‘lishi mumkin. Bu paytda kuzatiladigan magnit bo‘ronlarining kuchi G4 darajasiga yetish ehtimoli mavjud.
Ma’lumot uchun, Quyosh chaqnashlari rentgen nurlanishining kuchiga qarab besh sinfga bo‘linadi: A, B, C, M va X. 2024 yil boshidan beri Quyoshda 5 ta kuchli chaqnash kuzatilgan.
Quyosh chaqnashlari Yerda magnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin, bu esa o‘z navbatida energiya tizimlarida uzilishlarga olib keladi va qushlar, hayvonlarning migratsiyasiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Biroq chaqnash Quyosh-Yer chizig‘idan sezilarli masofada bo‘lsa, u sayyoraga ta’sir qilmaydi.
Ulkanbayeva Rayhona