Quyoshda kuchli chaqnashlar sodir bo‘ldi
Olam
−
03 fevral 2193 2 daqiqa
Kecha, 2 fevral kuni NASA va AQSH kosmik ob-havo xizmatlari Quyoshdagi kuchli faollik sabab butun dunyo bo‘ylab kosmik ob-havo ogohlantirishlarini ma’lum qildi. Bu haqda “The News Times” xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, tez kengayayotgan 4366-raqamli quyosh dog‘i kecha, 2 fevral kuni to‘rtta kuchli X toifali quyosh chaqnashini yuzaga keltirgan. Eng kuchli hodisa esa joriy yilning 1 fevral oqshomida X8.1 darajadagi chaqnash bilan qayd etilgan. U 2024 yil oktyabr oyidan buyon kuzatilgan eng yorqin quyosh chaqnashi sifatida baholangan.
NASA va AQSH kosmik ob-havo mutaxasislarining fikriga ko‘ra, fevral oyining birinchi haftasida ushbu faol quyosh dog‘i eng kuchli portlashlarni keltirib chiqaradi. Buning oqibatida Yerda ayrim texnologik tizimlar ishida uzilishlar kuzatilishi tahmin qilinmoqda.
X toifali chaqnashlar quyosh portlashlarining eng kuchli darajasi hisoblanadi. Bunday chaqnashlar radioaloqa, elektr tarmoqlari va navigatsiya signallariga ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, kosmik kemalar hamda astronavtlar uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Olimlarning xabar berishicha, portlash oqibatida Yerga ultrabinafsha va rentgen nurlari bevosita tushmoqda. Bu holat yuqori atmosferaning ionlashuviga olib kelib, Janubiy Tinch okeani hududida R3 darajadagi kuchli radio uzilishlarini keltirib chiqargan.
Bundan tashqari Avstraliyaning sharqiy qismi va Yangi Zelandiyada qisqa to‘lqinli radioaloqa uzilishlari kuzatilgan. Mutaxassislarning aytishicha, bu faollik tez kengayayotgan 4366-raqamli quyosh dog‘i bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur hudud bir kun ichida 20 dan ortiq quyosh chaqnashini hosil qilgan.
Shuningdek, chaqnashlar oqibatida yuzaga kelgan magnit zarracha buluti Yer tomon yo‘nalgan. Plazma buluti joriy yil 5 fevral atrofida Yerga yaqinlashishi va pastroq kengliklarda avroralarni keltirib chiqarishi mumkin. Va bu hodisani odamlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Quyoshda katta portlash yuz bergani, portlash manbai Quyoshning orqa tomonida joylashgani haqida xabar berilgandi.
Sunnatova Farangiz
Live
Barchasi