Quyoshda kuchli chaqnash yuz berdi (video)
Bu qiziq
−
31 mart 2023
28969Joriy yilning 29 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 07:33 da Quyoshda kuchli chaqnash sodir bo‘ldi. Voqea intensivligi X1.2 indeksli ekstremal sinfga tegishli edi. Bu haqda NASA ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, chaqnash vaqtida Yerning yoritilgan tomonida yuqori chastotali radioaloqa keskin yomonlashgan va ba’zi joylarda butunlay yo‘qolgan. Biroq geomagnit bo‘ron bo‘lgani haqida hech qanday ma’lumot kelib tushmagan.
Ta’kidlanishicha, Quyosh keyingi 11 yillik siklida faollik cho‘qqisiga chiqadi. Eng yuqori faollik 2024 yil oxiri yoki 2025 yil boshida kutilmoqda. Bungacha ko‘p vaqt qolmadi va quyosh faolligi avvalgi siklga qaraganda sezilarli darajada ko‘proq bo‘lishini kutish uchun yetarli statistik ma’lumotlar allaqachon to‘plangan. Aytish joizki, paydo bo‘lgan vaziyat olimlarni xavotirga solmoqda.
Shuningdek, aloqa sun’iy yo‘ldoshlari turkumlarining orbitada o‘sib borayotgani alohida tashvish uyg‘otadi. Agar nazorat qilish imkoniyati yo‘qolsa hamda uskunalar Yer tomon juda kuchli va o‘ta muvaffaqiyatsiz yo‘naltirilgan alangadan keyin ishlamay qolsa, orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlarning yo‘q qilinishi kaskadli va ko‘chkiga o‘xshash xususiyatga ega bo‘lishi mumkin. Bu Yerda butunlay vayronagarchilikka olib kelishi dargumon, ammo yangi kosmik kemalarni uchirish uchun osmon uzoq vaqt davomida yopilishi mumkin.
Mazkur chaqnash yil boshidan buyon kuzatilgan X sinfga mansub chaqnashlarning to‘rtinchisidir, lekin u eng kuchlisi emas. X2.2 indeksi bilan eng kuchli chaqnash joriy yilning 17 fevralida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Quyosh kuzatilganidan beri eng kuchli chaqnash 2003 yilda yuz bergan. Unga X28 “sinfdan tashqari” indeksi berilgan. Bu sodir bo‘lganida, nafaqat aloqa uzilishlari, AQSHning bir nechta shtatlarida energiya tarmoqlarining to‘liq uzilishi yuzaga kelgan.