Quvayt Eron kemasiga hujum qildi
Olam
−
08:51 2169 1 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Fors ko‘rfazida Quvayt tomonidan Eron kemasiga hujum qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
Uning aytishicha, Quvayt Fors ko‘rfazida Eron kemasiga “noqonuniy hujum” uyushtirgan va to‘rt nafar Eron fuqarosini hibsga olgan. Aroqchi bu voqea AQSHning Eronga qarshi hujumlari uchun foydalanilayotgan orol yaqinida sodir bo‘lganini ta’kidlagan.
Eron TIV rahbari Quvaytdan ushlangan Eron fuqarolarini zudlik bilan ozod qilishni talab qilgan.
Bundan oldin Eron harbiylari Quvaytga qarashli Bubiyon oroliga kirishga uringani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining olti nafar a’zosi orolga tushishga harakat qilgan.
Shundan so‘ng Quvayt TIViga Eronning Quvaytdagi elchisi Muhammad Totonji chaqirtirilib, unga qat’iy norozilik bildirilgan.
28 fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi qo‘shma harbiy operatsiya boshlagan edi. Bunga javoban Eron raketalar va dronlar orqali Isroil hududi hamda Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalariga zarbalar bergan. Ular orasida Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Quvayt va Birlashgan Arab Amirliklari ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron AQSH bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichini boshlash uchun Vashington beshta talabni bajarishi shartligini bildirgandi.
Live
Barchasi