YeTB Qo‘shtepa kanali qurilishining Markaziy Osiyodagi suv balansiga ta’sirini baholadi
Olam
−
28 iyun
11930Qo‘shtepa kanali qurilishi natijasida yuzaga kelgan mintaqaviy suv balansi masalalari birgalikda hal qilinishi kerak. Bu haqda Yevrosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov kecha, 27 iyun kuni Olmaotadagi forumda so‘z ochdi.
U Qo‘shtepa kanali qurilishi Markaziy Osiyoning suv balansiga xavf tug‘dirishi mumkinligi, bu muammolarni mintaqa davlatlari hal qilishi zarurligini aytib o‘tdi. Podguzovning aytishicha, YeTB mintaqaning suv balansiga ta’sir ko‘rsatadigan loyihalarga e’tibor qaratmoqda. Mutaxassislarning fikricha, Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali daryolardan, xususan, Amudaryodan yiliga 10 kub kilometr suv oladi.
“Amudaryodagi suvning kamayishi Sirdaryodan qishloq xo‘jaligi va boshqa ehtiyojlar uchun suv olishning oshishiga olib kelishi muqarrar”, degan Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imonqulov.
Qator tahlilchilarning fikricha, bu holatda Markaziy Osiyo surunkali suv tanqisligi pallasiga kiradi. Yevrosiyo taraqqiyot banki Afg‘oniston bank a’zosi emasligini, kanal qurilishi esa davlatning o‘z hududida amalga oshirayotgan loyiha ekanligini ta’kidladi.
“Diplomatik kanallar orqali muloqot qilish masalalarini davlatlar o‘zaro hal qiladi. Lekin biz muammoni birgalikda hal qilishimiz kerak. Ishonamanki, davlatlar birgalikda bir to‘xtamga kelishadi. Bizning taklifimiz – barcha masalalarni birgalikda hal qilishdir”, degan Podguzov.
Tahlilchilarning fikricha, vaziyatni raqamli suv hisobini rivojlantirish, suvni tejash va bugungi kunda mintaqada mavjud resurslardan oqilona foydalanish orqali hal qilish mumkin.
Ma’lumot uchun, Qo‘shtepa kanali loyihasi Amudaryoning suv resurslarini boshqarish sohasidagi yirik loyihalardan biri bo‘lib, u hozirda Afg‘oniston shimolida amalga oshirilmoqda. Kanalning birinchi bosqichi ishga tushirilgan, ammo Markaziy Osiyo davlatlari bu loyihadan xavotir bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq suv resurslarini boshqarish bo‘yicha afg‘on eksperti Najibulla Sadid Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi Afg‘onistonga har yili o‘rtacha 500 million dollar daromad keltirishini aytgandi. Shuningdek, Rossiya kompaniyalari kanal qurilishiga aralashmoqchiligi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi