O‘zbekiston Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yubordi
Jamiyat
−
25 dekabr
2820O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan Afg‘oniston aholisini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, zarur oziq-ovqat hamda dori-darmon vositalari shaklidagi yordam Afg‘onistonga yuborildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistonga jami 9 vagondan iborat “Salomatlik” tibbiy-sanitar yordami yuborilgan.
“Joriy yilning 25-30 dekabr kunlari Afg‘onistonning Balx viloyatida bir guruh aholi malakali shifokorlar tomonidan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, mazkur yordam O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlarining uchrashuvida afg‘on xalqini O‘zbekiston shifokorlari tomonidan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda ko‘mak ko‘rsatish so‘roviga asosan amalga oshirilgan.
Insonparvarlik yuklari Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Transport va Tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ mutasaddilari tomonidan yetkazib berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan, Afg‘onistonda kuzatilgan kuchli sel-suv toshqinlarida zarar ko‘rgan aholiga ko‘mak ko‘rsatish, ularni zarur vositalar hamda oziq-ovqat bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi nomidan insonparvarlik yuklari karvoni “Ayritom” chegara o‘tkazish punkti orqali qo‘shni mamlakatning Balx viloyatiga yetkazilgandi.
LiveBarchasi