Qo‘shrabotdagi fojia ortidan tuman gaz ta’minoti mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

 

Avvalroq, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi uylardan birida gaz portlashi oqibatida bir oilaning 4 nafar a’zosi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan tuman gaz ta’minoti bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Qo‘shrabot tumanida sodir bo‘lgan holat yuzasidan tuman gaz ta’minoti bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207- (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 259- (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. 

“Marhumlarning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etib, hamdardlik bildiramiz”, deb yozadi Hayot Shamsutdinov.

Ma’lumot uchun, hodisa bugun, 22 oktyabr kuni soat taxminan 05:52 larda Qo‘shrabot tumani “Mustaqillik” MFY G‘afur G‘ulom ko‘chasi 7-uy 6-xonadonda ro‘y bergan. Ushbu xonadonda yashagan fuqarolar – 1972 yilda tug‘ilgan R.S., 1969 yilda tug‘ilgan M.I., 2002 yilda tug‘ilgan F.X. va voyaga yetmagan 2007 yilda tug‘ilgan D.X.lar tabiiy gazdan zaharlanish va uyda kelib chiqqan yong‘in oqibatida kuyish tan jarohatlari bilan vafot etgan.

Tuman prokuraturasi tomonidan vafot etgan shaxslarning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada bir erkak va uning ikki farzandi is gazidan zaharlanib vafot etgandi. Fojiaga marhumlar istiqomat qilgan xonadonda nostandart qo‘lbola isitish pechidan foydalanilgani sabab bo‘lgani aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Samarqand Qo'shrabot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing