Qo‘shni davlatlardan kirgan 16,4 kg narkotik moddalar musodara qilindi
3-sahifa
−
25 dekabr
1360Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan joylarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 16,4 kg narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Samarqand tumani hududida harakatlanayotgan Nexia rusumli avtomashina to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Paxtachi tumanida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan E.M.ga tegishli 7 kg 230 gr “gashish” va 1 kg 289 gr “metamfetamin” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Tergovga qadar tekshiruv davomida ular afg‘onistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilgani ma’lum bo‘lgan.
Urgut tumanida kuzatilgan holatda esa muqaddam sudlangan fuqarolar – 1986 yilda tug‘ilgan F.X. va 1999 yilda tug‘ilgan. Sh.A. lar Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 921 gr “opiy” moddasini xaridorga 12 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Namangan shahrida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan Sh.Yu. va A.Yu. hamda 1994 yilda tug‘ilgan Sh.Q.lar muqaddam tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan Chust tumanidagi dala maydoniga yashirib ketilgan 3 kg. 50 gr “gashish” moddasini olgan vaqtda ushlangan.
Boshqa holatda esa “Namangan-Andijon” yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti rusumli avtomashina Norin tumani hududida to‘xtatilib tekshirilganda unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Asaka tumanida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan F.X.ga tegishli 1 kg 911 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu ajal og‘usi muqaddam Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumaniga olib kelingani ma’lum bo‘lgan.
Surxondaryo viloyatida qayd etilgan holatda Denov tumanida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan B.B. Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 2 kg 16 gr “opiy” moddasini 10 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonun xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda narkolaboratoriya tashkil qilgan uyushgan jinoiy guruh a’zolari uzoq muddatga qamalgan edi.
LiveBarchasi