Antikorrupsiya bo‘yicha prokurorning uyidan 19 mln dollar va 74 kg oltin topildi
Olam
−
26 iyul 22696 2 daqiqa
Indoneziya rasmiylari korrupsiya ishlari uchun mas’ul bo‘lgan sobiq bosh prokuror o‘rinbosari Febri Adriansyahning uyida va boshqa bir qator ko‘chmas mulk ob’ektlarida o‘tkazilgan tintuvlar chog‘ida taxminan 19 million dollar naqd pul hamda 74 kilogramm oltin quymalari musodara qildi. Buning ortidan mulozim hibsga olindi. Bu haqda joriy yilning 24 iyul kuni “The Gulf News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Febri Adriansyah korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ul prokuror lavozimida ishlagan davrida pul yuvishda ayblanmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari Rudi Margononing ma’lum qilishicha, Febri ushbu lavozimda to‘rt yildan ortiq ishlaganidan so‘ng rasmiylar bir nechta joyda, jumladan, uning Jakarta atrofidagi uyida tintuv o‘tkazgan. Ushbu voqealardan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 11 iyul kuni u iste’foga chiqqan.
Tergov davomida rasmiylar turli valyutalardagi taxminan 19 million dollarni, shuningdek, millionlab dollarga teng 74 kg oltin quymalarini musodara qilgan.
Ko‘p soatlik so‘roqdan so‘ng Febri barcha ayblovlarni rad etgan, nohaq jinoyatchiga chiqqanini va hech qanday aybi yo‘qligini ta’kidlagan. Uning advokati Febri Diansyah sud jarayoni adolatli o‘tishiga umid bildirgan.
Tergovchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab bu ish bilan Indoneziya politsiyasi shug‘ullangan, so‘ngra u Bosh prokuraturaning ilgari Febri ishlagan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmasiga o‘tkazilgan.
Qayd etish joiz, Janubi-Sharqiy Osiyoning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lmish Indoneziya uzoq vaqtdan beri davlat sektoridagi korrupsiya muammosiga duch kelmoqda. So‘nggi yillarda mamlakat korrupsiyaga qarshi kampaniyalarni jadallashtirgan, bu esa ko‘plab yuqori lavozimli mulozimlarga nisbatan tergov harakatlari olib borilishiga va ularning hibsga olinishiga olib kelgan.
Live
Barchasi