O‘zbekistonda qo‘pol yo‘l qoidabuzarliklari uchun mashinalar musodara qilinishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan haydovchilarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov “Oʻzbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, idoralararo ishchi guruh tomonidan tayyorlangan takliflar davlat rahbariga taqdim etilgan.

Takliflarga ko‘ra, besh turdagi qo‘pol qoidabuzarlik uchun transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish, voyaga yetmaganlarga avtomobil boshqarishni topshirgan holatlar uchun alohida ma’muriy javobgarlik joriy etish, noqonuniy poygalar uchun jazoni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, transport boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki bu huquqdan mahrum qilingan shaxs tomonidan sodir etilgan yo‘l bezoriligi uchun avtomashinani musodara qilish yoki vaqtincha olib qo‘yish taklif etilmoqda.

Yana bir muhim taklifga ko‘ra, mast holda transport boshqargan shaxslarga nisbatan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘llash, qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarni esa bir yil davomida jarimani chegirma bilan to‘lash huquqidan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan shaxsga avtomobil boshqarishni topshirish oqibatida odamlar jarohatlansa yoki halok bo‘lsa, bu holatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda narkotik bilan shug‘ullangan hamda voyaga yetmaganlarning avtomobil boshqarishiga yo‘l qo‘yganlarga javobgarlik kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing