Bolalarning mashina boshqarishiga ruxsat berganlarga jazo kuchaytiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda narkotik bilan shug‘ullangan hamda voyaga yetmaganlarning avtomobil boshqarishiga yo‘l qo‘yganlarga javobgarlik kuchaytiriladi. Bu haqda bugun, 11 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishishi chog‘ida so‘z bordi.

Unda qayd etilishicha, davlat rahbariga parlament tomonidan qabul qilingan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berilgan.

Ma’lum qilinishicha, qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilmoqda. Unda aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligiga tahdid solayotgan xavfli qilmishlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yangi bobda narkojinoyatlarning zamonaviy usul va shakllari inobatga olinib, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish, narkotiklarning noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish, bangixona tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanib, 10 dan ortiq xavfli qilmish bo‘yicha jazo choralari og‘irlashtirilmoqda.

Davlat rahbari ushbu qonun narkojinoyatchilikka qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, aholi salomatligi va millat genofondini himoya qilishda muhim huquqiy asos bo‘lishini ta’kidlagan hamda uni imzolagan. Taqdimotda idoralararo ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi haqida ham axborot berilgan.

Ma’lum qilinishicha, yangi qonun loyihasida davlat siyosatining 7 ta asosiy yo‘nalishi belgilanmoqda. Ular orasida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni shakllantirish, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarga barham berish, giyohvandlikning barvaqt profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish kabi choralar mavjud.

Loyihada narkotiklar aylanmasi, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishda bevosita ishtirok etuvchi 14 ta davlat organining vazifa va vakolatlari aniq belgilanishi nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, qonuniy muomaladagi moddalar ustidan davlat nazorati kuchaytirilib, ularni olib kirishdan tortib, realizatsiya qilishgacha bo‘lgan jarayonlar uzluksiz elektron nazorat qilinadi.



Taqdimot jarayonida prekursorlar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar muomalasini qat’iy tartibga solishni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqilgan. Bu borada elektron nazorat tizimini joriy etish, noqonuniy holatlarga qarshi idoralararo hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etilgan.

Taqdimotda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unda ayrim fuqarolar tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berilayotgani, bu esa yo‘llarda o‘lim va jiddiy jarohat olish holatlariga sabab bo‘layotgani qayd etilgan. Shu bois, yangicha yondashuv asosida yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, og‘ir oqibatli avariyalarning oldini olish, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, Prezident giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlar orasida mazkur illatning tarqalishiga qat’iy chek qo‘yish, shuningdek, yo‘llarda inson hayoti va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha takliflarni ma’qullab, muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev Narkotik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing