Qurultoyga saylovlarning dastlabki natijalari e’lon qilindi
Olam
−
16:06 497 2 daqiqa
Bugun, 24 avgust kuni Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi Qurultoyga o‘tkazilgan saylovlarning dastlabki natijalarini e’lon qildi. Bu haqda “Vlast” xabar berdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurlan Abdirovning ma’lum qilishicha, 12 mln 623 ming 289 ta byulletendan saylovchilar 9 mln 351 539 tasini olgan, ishtirok 74,08 foizni tashkil etgan.
Qozog‘istonliklarning ovozi quyidagicha taqsimlandi:
- “Adilet” – 6 528 948 ovoz, yoki 71,17 foiz;
- “Auil” – 574 621 ovoz, yoki 6,26 foiz;
- “Respublika” – 509 631 ovoz, yoki 5,56 foiz;
- “Ak jol” – 478 083 ovoz, yoki 5,21 foiz;
- UQSDP – 469 058 ovoz, yoki 5,11 foiz;
- Qozog‘iston Xalq partiyasi – 285 395 ovoz, yoki 3,11 foiz;
- “Baytak” – 97 751 ovoz, yoki 1,07 foiz;
- hammaga qarshi – 2,51 foiz.
Shunday qilib, QXP va “Baytak” deputatlik mandatlarini olish uchun zarur bo‘lgan 5 foizlik chegaradan o‘ta olmagan. Ushbu partiyalar vakillari Qurultoyda bo‘lmaydi.
Kecha, 23 avgustdagi saylovlar ikki palatali parlamentdan bir palatali parlamentga o‘tishni nazarda tutuvchi yangi Konstitutsiya qabul qilinganidan keyin belgilangan edi.
Ma’lumot uchun, “Adilet” partiyasi joriy yilning may oyida tashkil etilgan va iyun oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, darhol mamlakatning eng nufuzli siyosiy partiyasi – “Amanat” unga qo‘shilgan.
“Amanat” – 1999 yilda birinchi prezident Nursulton Nazarboyev tomonidan tuzilgan “Otan” partiyasining huquqiy vorisidir. 2022 yilgacha Qozog‘istonning birinchi prezidenti partiyaga rahbarlik qilgan, so‘ngra uning o‘rnini (boshqa barcha mas’uliyatli lavozimlarda bo‘lgani kabi) amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev egallagan. Yangi “Adilet” partiyasiga yaqin vaqtgacha Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimini egallab kelgan Oybek Dadaboy boshchilik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev kecha, 23 avgust kuni bo‘lib o‘tan Qurultoy deputatlari saylovida uydan chiqmagan holda ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga maktub yo‘llab, mamlakatning yangilangan parlamenti – Qurultoyga saylovlar xalqaro standartlar va demokratik tamoyillar asosida muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Live
Barchasi