Quronboyev boshchiligidagi Komissiya Rossiyaga borib, migrantlar ahvolini o‘rganyapti

Jamiyat

image


Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi Rossiyada bo‘lib, u yerda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishmoqda. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev boshchiligidagi Komissiya a’zolari 9-20 oktbyar kunlari Rossiyada bo‘ladi. 

“Ayni paytda, Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev boshchiligidagi komissiya a’zolari Novosibirsk shahrida istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun mo‘ljallangan yotoqxonalarda bo‘lib, u yerda o‘rganish ishlarini olib bordi. 

O‘rganishlar jarayonida yotoqxonada istiqomat qiladigan 62 nafar hamyurtlarimiz bilan bilan ochiq muloqot tashkil etilib, masalalar shu yerning o‘zida hal etilib, qolganlari ishlab chiqiladigan yo‘l xaritaga qo‘shishga kelishib olindi”, deb yozgan Alisher Sa’dullayev o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida. 

Uning bildirishicha, ma’lum vaqt, atroflicha o‘rganishni taqozo etadigan murojaatlarni hal etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5-7 oktyabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyada bo‘lib, Prezident Vladimir Putin bilan uchrashdi va muzokaralar yakunida 11 ta hujjat imzoladi. Muzokaralardan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyevning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Rossiya o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun ijtimoiy kafolatlar to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashni tezlashtirishni rejalashtirmoqda. 

O‘zbekistonning tegishli idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda xorijda doimiy asosda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni 2 million kishidan oshadi, ularning 60 foizdan ortig‘i Rossiya Federatsiyasida mehnat qiladi. Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mehnat muhojirlari o‘z vatanlariga 20 milliard dollarga yaqin pul o‘tkazgan, O‘zbekistonga o‘tkazmalarning 80 foizdan ortig‘i Rossiyadan kelgan.

Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Stanislav Pritchinga ko‘ra, O‘zbekistonning iqtisodiy jihatdan rivojlanishi Rossiyaga mehnat muhojirlari sonining kamayishiga olib kelmaydi, aksincha, buyog‘iga Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlar ko‘paysa ko‘payadiki, kamaymaydi. 

“Bu Rossiyaga migratsiya oqimiga jiddiy ta’sir qiladi, deb o‘ylamayman. Aholi soni bo‘yicha O‘zbekiston shu qadar tez o‘sib bormoqdaki, ichki muhojirlar yetarli, xorijga ishlash uchun borish zarurati yuqoriligicha qolmoqda. Shunday ekan, O‘zbekistonning rivojlanishi Rossiyaga bo‘layotgan hozirgi migratsiya jarayonlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak”, deydi Stanislav Pritchin. 


Maqola muallifi

Teglar

Qahramon Quronboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing