Qahramon Quronboyev O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi bo‘ldi

Jamiyat

image

Qahramon Quronboyev Qo‘chqorovich O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi lavozimiga saylandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi ta’sis konferensiyasi bo‘lib o‘tgan va unda uyushma raisi hamda uning o‘rinbosarlari saylangan.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Inog‘omov Jovdatxon Sultanovich saylandi.

Bunga qadar u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar filiali rahbari lavozimida ishlagan.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining o‘rinbosari lavozimiga esa Aslonov Abdullo Ubaydulloyevich saylandi.

U bundan avval O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining yoshlar va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, “Yoshlar qanoti” jamoatchilik Kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Bildirilishicha, Uyushma raisi maqomi, tibbiy, transport va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Ma’lumot uchun, Qahramon Quronboyev 1992 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni, 2004 yilda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

U 1997-2008 yillarda "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2009-2012 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori bo‘lgan. 2012-2013 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, 2013-2015 yillarda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, Qahramon Quronboyev O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Prezidentining tashkiliy masalalar va kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari ham bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qahramon Quronboev O'zbekiston mahallalari uyushmasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing