Qurollangan shaxslar “Roma” futbolchisini garovga oldi
Sport
−
17 mart 5958 1 daqiqa
Qurolli bosqinchilar “Roma” futbolchisi Nil El Aynauining uyini talon-toroj qildi va uni hamda oilasini qurol bilan garovga oldi. Bu haqda “Goal” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa kecha, 16 mart kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Yuzlarini niqob bilan yopgan, qora kiyimdagi va to‘pponchalar bilan qurollangan olti nafar noma’lum shaxs futbolchining uyiga deraza panjaralarini sindirib kirgan.
Jinoyatchilar El Aynaui, uning onasi, hamrohi, akasi hamda qiz do‘stini bir xonaga qamab qo‘yib, so‘ng uyni tintuv qilgan. Ular taxminan 10 ming yevro qiymatidagi zargarlik buyumlari, Rolex soati va bir nechta dizayner sumkalarini o‘g‘irlab ketgan.
Talonchilikdan so‘ng bosqinchilar voqea joyidan qochib ketgan. Tez orada politsiya yetib kelib, tergov ishlarini boshlagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa davomida hech kim jabrlanmagan, biroq uy egalari kuchli ruhiy zarba olgan.
Tergovchilar jinoyatchilar futbolchining uyda ekanidan oldindan xabardor bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Manchester Citi” himoyachisi Ruben Diashning uyi Chempionlar ligasi doirasida “Galatasaroy”ga qarshi uchrashuv vaqtida talon-toroj qilingandi.
Live
Barchasi