Franchesko Totti futbolni basketbolga almashtirdi

Sport

image

2006 yilgi jahon chempioni, Italiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Franchesko Totti “Maksima Roma” basketbol klubiga maslahatchi etib tayinlandi. Bu haqda Totti o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.

“Men yangi rag‘batlar izlayotgan va o‘zimni yangi sinovlarda sinab ko‘rish istagini his qilayotgan edim. Menga taklif qilingan vazifa va eng muhimi, loyiha boshidanoq yoqdi. Biz Rim va rimliklarga ular qo‘llab-quvvatlaydigan, faxrlanadigan va o‘zlarini tan oladigan basketbol jamoasini taqdim etmoqchimiz”, deb yozdi Totti.

49 yoshli sobiq futbolchi klubning muxlislar bilan aloqalari hamda ijtimoiy loyihalari uchun mas’ul bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Franchesko Totti futbolchilik faoliyati davomida faqat “Roma” sharafini himoya qilgan va uzoq yillar jamoa sardori bo‘lgan. U rimliklar safida 785 ta uchrashuvda maydonga tushib, 307 ta gol urgan va 205 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

Totti “Roma” bilan Italiya chempionligi, ikki marta Italiya Kubogi va ikki marta Italiya Superkubogini qo‘lga kiritgan. U 2017-2019 yillarda klub direktori lavozimida ham faoliyat yuritgan.

Sobiq hujumchi Italiya terma jamoasi safida 58 ta o‘yin o‘tkazib, 9 ta gol urgan. U 2006 yilda Italiya bilan jahon chempioniga aylangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing