Quriyotgan Dunay: suvsizlanish sabab ikki mamlakat AESlari “komada” qolmoqda
Olam
−
10:19 2943 2 daqiqa
Vengriyada rekord darajada pasaygan Dunay daryosi suv sathi tufayli quvvati keskin qisqargan “Paksh” atom elektr stansiyasi to‘liq to‘xtab qolish arafasida bo‘lgan, ammo suv sathining biroz ko‘tarilishi stansiya faoliyatini saqlab qolishga imkon berdi. Bu haqda kecha, 4 iyul kuni mamlakat Bosh vaziri Peter Madyar ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 4 avgustga o‘tar kechasi soat 01:30 atrofida AESni to‘liq to‘xtatishga “bir necha millimetr” qolgan, ammo suv sathi pasayishdan to‘xtab, ertalabga kelib 1,5 santimetrga ko‘tarilgan. Hozirda stansiyaning so‘nggi ishlab turgan turbinasi xavfsiz rejimda faoliyat yuritmoqda.
Dunay suvi rekord darajagacha pasaygani sababli stansiya sovitish uchun yetarli suv ololmayapti va hozirda quvvatining atigi 10 foizdan sal ko‘prog‘i bilan ishlamoqda.
Energetika vaziri Ishtvan Kapitanining ma’lum qilishicha, mamlakatda joriy etilgan energiya tejash choralari elektr tarmog‘i barqarorligini saqlashga yordam bergan. Ayrim kompaniyalar ish jarayonlarini o‘zgartirgan. Jumladan, Lidl do‘konlari non yopish vaqtlarini ko‘chirgan, ichimlik sovutgichlarini vaqtincha o‘chirgan, avtoturargohlardagi elektromobil quvvatlash shoxobchalari esa soat 17:00 gacha ishlay boshlagan.
Qo‘shni Ruminiyada ham Dunaydagi suv sathini oshirish maqsadida nazoratli portlatish ishlari amalga oshirilgan. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, bu orqali suv sathi 2 santimetrga ko‘tarilgan va bu mamlakatning “Chernavode” atom elektr stansiyasini yaqin kunlarda sovitishga yordam beradi. Shu bilan birga, suv oqimini yanada ko‘paytirish uchun eski barjalarni cho‘ktirish rejalashtirilgan.
Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, Ruminiyaning katta qismida havo harorati yana 40 darajadan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar Dunaydagi suv sathining 44 yil ichida ilk bor rekord darajada pasayib ketishi sababli mamlakatdagi yagona “Paksh” AES faoliyati to‘xtatilishini e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi