Qurilish sohasidagi ayrim xodimlar maoshi 3 karra oshiriladi

Jamiyat

image

Joriy yil 1 iyundan boshlab O‘zbekistondagi qurilish sohasidagi ayrim xodimlar maoshi 3 karra oshiriladi. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili qurilish ob’ektida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari 42 mingta kamchilik qayd etgan, Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlagan. Sabab – loyihachi hamda buyurtmachilarda mualliflik va texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik yo‘q.

Shu bois, joriy yil 1 iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPIga bog‘lanishi, xodimlarning oyligi 3 karra oshirilishi belgilangan. Loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun ob’ekt qiymatining 5 foizigacha mablag‘ beriladi, mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida to‘lov qilinadi.

Shu bilan birga, endi texnik nazorat yoki mualliflik nazoratchisi mas’ul bo‘lgan ob’ektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudrat korxonasi bilan birga nazoratchilarga ham qat’iy chora ko‘rish zarurligi qayd etilgan. Loyihachining “Shaffof qurilish”dagi reytingi ham pasaytiriladi.

O‘tgan yili 400 nafar qurilish nazoratchisi yonkamera bilan ta’minlangan, 1 ming 221 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’ektiga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

Endilikda byudjetdan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha ob’ektlari, ko‘p qavatli uy, yirik savdo va sanoat korxonasi, mehmonxona, turizm ob’ektlari qurilishi ham onlayn nazorat kameralari bilan qamrab olinadi.

Urbanizatsiya qo‘mitasiga shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik bo‘yicha moliyaviy sanksiya joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

maosh uy-joy qurilish sohasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing