“Qudratli” Rossiya yerlari Ukraina nazoratida
Tahlil
−
14 avgust
13506Juda uzoq muddatdan buyon davom etib kelayotgan Rossiyaning Ukrainaga bosqini va uning yerlarini vayron qilgan urushi endi rostmanasiga Rossiyaning o‘z hududiga ko‘chdi. Endi bosqin ostida rus yerlari. 2 yarim yildan buyon nihoyasiga yetmagan, goh shiddatli, gohida esa passiv tempda olib borilayotgan Rossiyaning o‘z qardoshi Ukrainaga nisbatan amalga oshirayotgan bosqini ortda qolgan hafta ichida o‘z hududiga kirib keldi. Ukraina armiyasi Rossiya hududining qariyb 1000 kvadrat kilometrini nazorat qilmoqda. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy mamlakat Prezidenti Zelenskiyga bergan hisobotiga ko‘ra, Rossiyaning ahvoli hozircha shunday ko‘rinishda.
Urush qanday ketmoqda?
Juda qisqa vaqt ichida hozirgacha Ukraina tomonidan egallangan va ukrainlar tomonidan nazorat qilinayotgan mazkur hududlar Rossiyaning Kursk viloyatidagi bir qancha ma’muriy markazlarni o‘z ichiga oladi. Ukraina Qurolli kuchlarining “Bravo Team” maxsus bo‘linmasi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra esa Kurskdagi butun boshli Sudja shahri to‘laqonli Ukrainaniki bo‘lib turibdi. Korenevskiy, Sudjanskiy va Belovskiy tumanlarida ikki o‘rtada shiddatli janglar davom etmoqda. Axborot maydonidagi jang esa quruqlikdagi frontdan qolishmayapti. Ikki tomon ham o‘z yutug‘ini oshirib, mag‘lubiyatni yashirish bilan ovora. Masalan, Kursk gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov 12 avgust kuni 28 ta aholi punkti Ukraina nazorati ostiga o‘tib ketganini ma’lum qildi. Ukrainaning DeepState xaritalash loyihasi 44 ta aholi punkti qo‘lga olinganiga ishora qilsa, mustaqil Rossiya ommaviy axborot vositalari bu ko‘rsatkichni 30 ga yaqin deya taxmin qildi. Biroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu borada ortiqcha maydalashib o‘tirmadi va DeepState hamda rus OAVlari bergan 44 va 30 raqamlarini umumlashtirib, janubiy Kursk viloyatida 74 ta rus aholi punktlari Ukraina qo‘liga o‘tganini aytdi. Hududlar oldi-berdisi borasidagi axborot jangi keyinchalik kelajakdagi harakatlarning borishiga ham ta’sir o‘tkazish usuliga ko‘chdi. Rossiyaga hujum fonida Ukraina Xavfsizlik xizmati qiziq bir bayonotni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Rossiya razvedkasi Kursk viloyatidagi vaziyatdan foydalanib, ukrainalik harbiylar harbiy jinoyatlar sodir etgani haqida yolg‘on ma’lumot tarqatmoqda va bu ma’lumotlar yaqin vaqt ichida soxta harakatlar orqali ham isbotlanish ehtimoli bor. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, yaqin kelajakda Rossiya maxsus xizmatlarining o‘zi Ukraina harbiylariga jiddiy ayblov yuklash uchun Kursk viloyati aholisiga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlari uyushtirishi va bunda rasmiy Kiyevni ayblashi kutilmoqda. Bu Ukraina razvedkasining dunyo hamjamiyatiga bergan ogohlantirishidir.
“Dushmanning bunday axborot va psixologik maxsus operatsiyalari, birinchi navbatda, Ukraina Qurolli kuchlarining hujumkor harakatlariga samarali qarshilik ko‘rsata olmasligi bilan bog‘liq. Bizningcha, yaqin kelajakda Rossiya maxsus xizmatlari Ukraina tomonini yanada ayblash maqsadida tinch aholiga, xususan, Kursk viloyatida jinoyatlar uyushtirishi mumkin. Ukraina Xavfsizlik xizmati bunday urinishlar befoyda va hech qanday holatda Ukraina Qurolli kuchlarining hujumkor harakatlariga yoki mamlakatimizning xalqaro hamkorlari pozitsiyasiga ta’sir qilmasligidan ogohlantiradi”.
Bayonotda aytilishicha, Ukraina Mudofaa kuchlari urush qoidalariga, jumladan, harbiy asirlar va tinch aholiga nisbatan munosabatda bo‘lish qoidalariga qat’iy rioya qilishini shu choqqacha butun dunyoga isbotlab kelmoqda.
Rossiyaliklar xavfsizlikka muhtoj
Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgustdan buyon faoliyat yuritayotgan Rossiya Federatsiyasi Kursk viloyatining turli tuman va ulardagi aholi yashash punktlarida istiqomat qiluvchilar o‘z harakatlari bilan xavfsiz hududlarga ko‘chmoqda. Kursk viloyati rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov viloyatdan 180 ming kishi evakuatsiya qilinishi kerakligini aytgandi va hozirgacha 121 ming aholi allaqachon uylarini tark etganini ma’lum qildi. Kursk viloyatining Glushkovskiy, Korenevskiy, Sudjanskiy tumanlaridan ham aholining ixtiyoriy ravishda chiqib ketishi kuzatilgan. Kurskka qo‘shni Belgorod viloyatining Krasnoyarujskiy tumani aholisi esa hududni deyarli butunlay tark etgan. Bolshesoldatskiy tumanida aholi o‘z kuchi bilan va mahalliy ma’muriyat yordamida evakuatsiya qilindi. Tuman rahbari Vladimir Zaysev 13 avgust kuni o‘zi mas’ul bo‘lgan tuman aholisining evakuatsiya qilinishi va bu uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishni va’da berdi.
“Men qo‘limdan kelgan hamma narsani qilaman: biz tinch aholini olib chiqamiz, harbiylarga yordam beramiz, oziq-ovqat bilan ta’minlaymiz, yong‘inlarni o‘chiramiz. Hududimizda shu kungacha hech qanday evakuatsiya qilinmagan. Hamma o‘zi ketdi, hech kim aralashmadi. Bugun biz hali ham evakuatsiya qilinishi kerak bo‘lganlar haqida ma’lumot yig‘moqdamiz”, deb yozdi rasmiy.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bolshesoldatskiy tumani, Sudjanskiy tumani, Martinovka qishlog‘idan sakkiz kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu yerlarga esa ukrainalik harbiylar allaqachon yetib kelgan, hududning o‘zida janglar sodir bo‘lgan va mazkur yerlar endi ruslar uchun xavfsiz emas.
Kremlda xaos
Rossiya Prezidenti Ukraina bilan chegaradosh hududlardagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. U mazkur yig‘ilishda quyidagilar haqida so‘z ochdi.
“Mudofaa vazirligi dushmanni hududlarimizdan haydab chiqarishi va chegara xizmati bilan birgalikda mamlakat chegarasining ishonchli himoyasini ta’minlashi kerak. Ukraina Kursk viloyatiga hujum qilish orqali kelajakdagi tinchlik muzokaralarida o‘z pozitsiyasini yaxshilashga harakat qilmoqda. Ammo tinch aholini o‘qqa tutayotgan va atom energiyasi ob’ektlariga tahdid solayotganlar bilan muzokaralar haqida qanday gaplashishimiz mumkin. Kursk viloyatidagi voqealardan so‘ng Rossiya qo‘shinlarining front chizig‘i bo‘ylab oldinga siljish tezligi nafaqat pasaymadi, balki 1,5 barobarga oshdi. Dushman albatta munosib javob oladi, oldimizda turgan barcha maqsadlarga erishishimizga shubha yo‘q. Federal xavfsizlik xizmati va Rossiya gvardiyasi Ukraina bilan chegaradosh hududlarda aksilterror operatsiyasi rejimini ta’minlashi kerak”.
“Bloomberg” Ukrainaga qarshi urushda askarlar yetishmovchiligi kuchayib borayotgani sababli Rossiya 2024 yilning oxirigacha harbiy safarbarlik e’lon qilishini taxmin qilyapti. Nashr bunday xulosani o‘zining Kreml va Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin uch nafar manbasiga tayanib taqdim qildi. Qayd etilishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi amaliyoti Rossiya armiyasida mudofaa kuchlari zaxiralarining yo‘qligini ko‘rsatgan. Hozirda Rossiya Qurolli kuchlari saflari shartnoma asosidagi askarlar hisobidan to‘ldirilmoqda, lekin bu yetarli emas.
Vladimir Putin 2022 yil sentyabrida 300 ming qo‘shinni safarbar qilish to‘g‘risida buyruq bergan, bu esa rossiyaliklar orasida urush xavotirining kuchayishiga va bir millionga yaqin odamning ommaviy chiqib ketishiga sabab bo‘lgan. 2022 yil urushning dastlabki kunlarida ukrainlar urushga ro‘yxatga olish bo‘limlarida, ruslar esa mamlakatni tark etish va urushga bormaslik uchun aeroportlarda hozir bo‘lgandi. Shuning uchun Kreml ayni mushkul vaziyatda bunday tajribani takrorlamaslikka va har oy qo‘shin safini 30 ming yangi askar bilan to‘ldirish uchun pul taklif qilish yo‘liga o‘tgan. Rossiya hukumati urushga yollash miqdori keskin pasaygani sababli moddiy rag‘batlantirishni haddan tashqari oshirmoqda. Masalan, joriy yilning iyul oyida Moskva meri Sergey Sobyanin harbiy shartnomalar imzolagan ko‘ngillilarga oylik maosh va mukofotlardan tashqari shahar hukumati tomonidan har oy bo‘lib to‘lanadigan 600 ming rubldan tashqari 1,9 million rubl (22 ming dollar) to‘lashga va’da bergan. Umuman olganda, merning so‘zlariga ko‘ra, agar ular omon qolsalar, yollanganlar birinchi yilda 5,2 million rubl olishi ko‘zda tutilgan. Bu esa 2023 yilgi poytaxtdagi o‘rtacha yillik maoshdan qariyb uch barobar ko‘p maosh degani. Sobyaninning bu taklifidan so‘ng Putinning ona shahri Sankt-Peterburg ham tezda unga ergashib, yangi yollanganlarga 1,6 million rubl taklif qilishni boshladi. Avvalroq esa Putin urushga boradiganlarga bir martalik to‘lovni ikki baravar oshirgani haqida xabar qilingandi. Bosqinchilik uchun vatanparvarlikka chorlash ish bermadi. Har holda vatanparvarlik yetishmovchiligini moddiy rag‘bat bilan to‘ldirish oson bo‘lmayotgandir.
Endi shartni Kiyev qo‘ymoqchi
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Georgiy Tixi kecha, 13 avgust kuni Kiyevdagi brifingda Rossiya uchun kutilmagan bayonot berdi. U Rossiya Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy taklif qilgan “tinchlik formulasi”dagi shartlarga rozi bo‘lgan taqdirdagina, Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi hujumni to‘xtatishini ma’lum qildi.
“Rossiya Federatsiyasi “tinchlik formulasi” asosida adolatli dunyoni tiklashga qanchalik tezroq rozi bo‘lsa, Ukraina mudofaa kuchlarining Rossiya Federatsiyasi hududidagi reydlari shunchalik tez to‘xtaydi”, deydi u.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili BMT Nizomida mustahkamlangan o‘zini himoya qilish huquqini hisobga olgan holda Ukrainaning Rossiya bilan chegaradosh hududidagi harakatlarini “mutlaqo qonuniy” deb atadi. Unga ko‘ra, uning mamlakati Rossiya hududlarini anneksiya qilishdan manfaatdor emas, balki o‘z xalqi hayotini himoya qilishni istaydi.
TIV vakilining ta’kidlashicha, Ukraina o‘z aholisi va qurolli kuchlarini himoya qilish uchun Kursk viloyatida bufer zona yaratishga intilmoqda. Uning aytishicha, birgina iyun oyi boshidan beri Rossiya Qurolli kuchlari Kursk viloyati hududidan 255 ta boshqariladigan bomba va 100 dan ortiq raketalardan foydalangan holda Sumi viloyatiga 2 mingdan ortiq zarba bergan.
Ukraina armiyasining Kurskka otlangan qismi ayni damda Kursk AESidan unchalik uzoqda emas. Bu esa Sirskiy qo‘li ostidagi askarlar AES tomonda ham alohida reyd uyushtirishi mumkinligini istisno qilmaydi. Bundan biroz vaqt ilgari Ukraina harbiylari Sudja gaz stansiyasini qo‘lga kiritganlaridek, mazkur muhim ob’ektni ham o‘ziniki qilsa, bo‘lajak tinchlik muzokaralari uchun ikki o‘rtadagi savdo ancha qizg‘in tarzda kechishi hech gap emas. Zero, endilikda Ukrainaning Rossiyaga almashish uchun beradigan anchagina bisoti bor. Agar Kursk viloyatining kattagina qismi rasmiy Kiyev nazorati ostida uzoq vaqt qolib ketsa, buyog‘iga urushni tugatish uchun shart va talablarni endi Ukraina qo‘yishi mumkin.
LiveBarchasi