Rossiya 2 ta harbiy bazasini Suriyada qoldirmoqchi – “Reuters”
Olam
−
09:16
1669Rossiya o‘z qo‘shinlarini Suriya shimolidagi front chizig‘idan va Alaviy tog‘laridagi postlardan qaytarib olmoqda. Ammo mamlakatdagi ikkita asosiy bazasini tark etmayapti. Bu haqda Suriyaning to‘rt nafar rasmiysiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, marhum otasi, sobiq prezident Hofiz Asad bilan birga Moskva bilan yaqin ittifoq tuzgan Bashar Asadning hokimiyatdan chetlatilishi Rossiya bazalari – Latakiyadagi Hmeymim aviabazasi va Tartus harbiy-dengiz inshootining kelajagini so‘roq ostiga qo‘ygan.
Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda dunyodagi eng yirik yuk samolyotlaridan biri bo‘lgan ikkita Antonov An-124 samolyoti Hmeymim bazasida burun konuslari ochiq holda yuklanishga tayyorlanayotganini ko‘rsatadi.
“Bugun 14 dekabr kuni kamida bitta yuk samolyoti Liviyaga uchdi. Ammo Rossiya o‘zining ikkita asosiy bazasidan chiqayotgani yo‘q va hozirda bunday qilish niyati ham yo‘q”, dedi Suriya xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri.
Turkiyalik geosiyosiy tahlilchi Bosphorus Observer tashkiloti rahbari Yoruk Ishikning aytishicha, Rossiya yuk samolyotlarini Suriyadan Kavkaz orqali Liviyadagi Al-Xadim aviabazasiga jo‘natgan bo‘lishi mumkin.
Xabarga ko‘ra, Rossiya harbiylarining Suriyadagi mavjudligi va Asad hukumati va Moskva o‘rtasidagi o‘tgan kelishuvlar masalasiga yangi hukumat hali aniqlik kiritmagan. Kreml Suriyaning yangi raxbarlari bilan bazalar masalasini muhokama qilayapti. Ammo bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy izoh bermagan.
Ma’lumot uchun, Tartusdagi ob’ekt 1971 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelmoqda va Rossiya 2017 yilda Suriya fuqarolik urushida Asadni qo‘llab-quvvatlash uchun aralashganidan so‘ng, Moskva 49 yilga bepul ijaraga olingan. Suriyadagi bazalar Rossiyaning global harbiy mavjudligining ajralmas qismi. Tartus harbiy-dengiz bazasi Rossiyaning O‘rta yer dengizidagi yagona ta’mirlash va ta’minot markazi, Hmeymim esa Afrikadagi harbiy va yollanma qo‘shinlar faoliyati uchun asosiy post.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy yo‘ldosh suratlariga tayanib, Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyadagi qo‘shinlarini evakuatsiya qilishga kirishgani xabar berilgandi.
LiveBarchasi